AsosiyShou-biznes

Dilfuza Ismoilova raqslari, eri va tarqalgan suratlari haqida (INTERVYu)

Har gal shu san`atkor ayol bilan suhbatlashganimda o`zimda engillik his qilaman. O`zining quvnoqligi bilan har qanday kayfiyati yomon insonni ham kayfiyatini ko`taradi. Javoblari ham antiqa. Keskin savollarimga jilmaygancha hazilomuz javob beradi.  To`yu-tadbirlarda uning “Dilfuzcha raqs”lari kimningdir asabiga tegadi shekilli, doim shov-shuvlarga sababchi bo`ladi. So`nggi paytda uning mashhur san`atkorlardan birining bayram tadbiridagi raqs ijrosi katta muhokmalarga sabab bo`ldi. Dilfuza Ismoilova "Sabo" nashriga mavzu yuzasidan intervyu berdi.

- Dilfuza opa, yana qanaqa shov-shuvlar boshlab yuribsiz?

- Odamlar meni noto`g`ri tushunishidan charchadim! Yurish-turishimni ham  hamma  bir  xil qabul qilmaydi. Kimgadir yoqsa, kimningdir g`ashiga tegadi... Biroq meni yoqtiradiganlar ko`pdirki, to`ylarga, yaxshi kunlariga aytishayapti.

- Sho`x-shaddod  Dilfuza bo`lib qo`shiqchilikni boshlagan edingiz. Haligacha shundaysiz. Og`ir-bosiq Dilfuza bo`lish vaqti kelmadimikin?

- Shou-biznesda eng og`ir va vazmini menman-ku! (kuladi)

- O`zingizni tutishingizdan o`xshamayapti-da?!

- Menga haqiqatni ochiq ayting: raqslarim shunchalik zo`rmi yoki yomonmi?

- Hamma har xil qabul qiladi...

- Demak, men odamlarga kerakman. Mevali daraxt ekanmanki, tosh otishyapti. Raqslarim bilan e`tibor tortibmanki, kuzatishyapti. Ijro etgan rollarim va raqslarim hech kimnikiga o`xshamas ekan,  shu sabab men omma e`tiboridaman.

- Tinchgina aktrisalik qilib yursangiz yaxshi emasmidi, qo`shiq aytish shartmidi?

- O`zimga baho beradigan bo`lsam, men tinchgina, “bitta ishni eplab” yuradiganlardan emasman. San`atda yonib yashash kerak! Xorij yulduzlarini ko`ring, har sohada o`zini sinab ko`radi. Ulardan qaerim kam?! San`at institutini  bitirganman, diplomim chang bosib yotishini xohlamayman. Qoqqan qoziqdek bir joyda turib qo`shiq aytish men uchun emas.

Qo`shiq  aytish, rol ijro etishdan tashqari  sportda ham etakchiman. Qilichbozlikdan, engil atletikadan ko`plab sovrinlar olganman.

- To`ylarga qaysi qobiliyatingiz  uchun chaqirishadi deb o`ylaysiz

 - Buning ichida hammasi bor! To`y egalari menga muxlisliklarini bildirib, uyimgacha kelishadi. “To`yxonaga  fayz kiritasiz, falonchining to`yini o`tkazganingizda niyat qilganman”, - deb taklif qilishadi. Xursand bo`lib chin yurakdan xizmat qilib beraman. Bilasizmi, hozir to`ylarda hamma san`atkorga ham qarsak chalishmayapti.

- Reklamangiz yo`q-ku, telekanallarda kliplaringiz “aylanmaydi”...

 - Ha, haqiqattan shunday. To`yga  to`y ulangani uchun ham tinimim yo`q. Siz aytayotgan reklamaga topgan pulimni sarflab, qo`shiqlarimni  tinimsiz aylantirsam ham bo`lardi, ammo bitta ayol boshim bilan bunga qiynaldim. Bir yilda ettita to`y qildim. Uchta farzandimning to`yi, ikkita  nevaramga  beshik to`y, o`zim katta qilgan singlimning bolasini va hayotda iqtisodiy qiynalib qolgan bir insonning farzandiga nikoh oqshomini savob uchun o`tkazib berdim. Shuning uchun ham  telekanallarda ko`rinmadim.  Kliplarimni efirga berishga pul orttirolmadim, ochig`i. Bu yilni esa shiddatli ijod bilan boshladim.  Mana endi tomoshabinlar Dilfuza Ismoilova va uning farzandlari Sardor hamda Sarvarlarning klipini ketma-ket tomosha qilishadi. Kimnidir quvnatadigan, kimningdir g`ashiga tegadigan kliplarimizni ko`rib o`z baholarini berishadi.

- G`ashiga tegadigan?

- Ha, shunaqa. Bu chiqishlarimizni tomosha qilgach, yana orqamizdan  gapiradiganlar bo`lmaydi deysizmi?!  O`g`limning to`yiga begonalarni emas , yaqinlarimni chaqirgandim, ammo  dasturxonimdan  eb-ichgan, ayrim qabih niyatlilar nimalar qilib ketishmadi, deysiz? Qudalarim bilan qarindoshman. Farzandlarim birga katta bo`lishgan. Yoshligidan shu qizni kelin qilish orzum edi. Kimdir shodligimni ko`rolmadi. Qudamga chin dildan do`stona aytgan izhorim va ta`zimimni noto`g`ri ma`noda talqin qilib, videoni ijtimoy tarmoqqa tarqatib yuborishdi. Aslida men shunday kunlarga etkazgani uchun yaratganga shukrona aytgan edim, tarqatgan odam shu joyini kesib tashlagan. Shuncha yil oq yuvib, oq taragan qizi mening uyimda bir umrga qolyapti,  ularga ta`zim qilmasam bo`ladimi? Qudalarimga ta`zim qilganlarimni dushmanlarim ko`rolmadi, chiday olmadi...  “Ha-ha” deb kulsam ham, “vah-ha-ha” deb kulsam ham kam, bunday nomard odamlarning ustidan.   

- Yaqindagina ijtimoy tarmoqlarda tarqalgan suratingiz uchun sudlashayotganingiz rostmi?

-  Yo`g`-e, nega sudlashaman?! Oddiy rasm-ku, buni ko`rgan ayrim jurnalistlar bilmayman, piar bo`lsin debmi, o`zining reytingini oshirish uchunmi shov-shuv ko`tarib bo`rttirib yozib yuboribdi. Ozoda singlim, zo`r qiz, to`ylarimda xizmatda bo`ldi. Tuzini eb tuzlug`iga tupuradigan ayol emasman. Ko`pchilik telefon qilib,  bu Ozodaning  ishi dedi. Hayron bo`ldim, chunki surat uning onasining tug`ilgan kunida tushirilgan. Qancha yil o`tib ketgan bu voqeaga?! Nega aynan endi tarqaldi? Bu kimga kerak bo`ldi bilmayman! Mendan “qaysi tadbirga borganingizda suratga olingan?”, - deb so`rayverishganida rostini aytdim xolos. Ozoda tarqatdi demadim unga nisbatan xusumatim yo`q!! Ba`zi jurnalistlar ham dilozor bo`lmay, borini yozib qalam haqini halollab olishi kerak. Tarqatganlar menga o`xshab quda-andali, nabirali bo`lib yurishni niyat qilib o`zlarini yomonlikdan tiyishsa bo`lardi. Kim tarqatgan bo`lsa jazosi bor.

- Albomlaringiz sotuvi bilan qiziqqanmisiz?

-Ha, albomlarim ayrim kompaniyalar tomonidan sotuvga chiqarilgan . Juda ko`p tirajda sotilishiga ularning o`zlari ham ishonmagandi, lekin sotildi!

- Rostdanmi? Ajablantirdingiz?

- Ha-da! Men o`zimning “narximni” oshirish uchun yolg`on gapirmayman! Sotuvda qolmaganida o`zim ham kompaniyadan naqd pulga sotib olgandim. Yaqinda yigirmata qo`shiq tayyorladim. Jami kuylagan qo`shiqlarim esa 160 dan oshgan. Reklama qilmaganim uchun tinglovchilar bexabar. 

- To`ylarda yana mashhur ustozingizning qo`shiqlarini aytyapsizmi?

- Yo`q. Bir necha yildan beri o`z mualliflik qo`shiqlarim bilan xizmatlarni o`tkazyapman. San`atning sir-asrorlarini o`rgandim. Qo`shiqchilikda ovozim ustozim Yulduzning yordamida charxlandi. Shu bois ustozim oldida doim ta`zimdaman!  

- Bir necha yildan beri qo`shiq aytasiz, qaysi qo`shig`im meni odamlarga eslatadi, deya olasiz?

- “Men Toshkentning sho`x qiziman”ni haligacha to`ylarda so`rashadi. Yoshim endi bu qo`shiqqa to`g`ri kelmaydi desam, ham qayta-qayta ayttirishadi. Yana “Do`st” qo`shig`imni ham yaxshi ko`rib eshitadi.

- Odatda quvnoq insonni jiddiy qabul qilishmaydi, kelinlaringiz sizni jiddiy qaynona sifatida ko`rishadimi? 

- Kelinlarim ham o`zimga o`xshagan quvnoq. Sal kech qolsam, telefon qilib: “Kelyapsizmi onajon, uy sizsiz zerikarli bo`lib qoldi!”, - deyishadi. Ularni o`z qizimday ko`raman. Ular jiddiy turib zahrimni sochadigan ish ham qilmaydi. Aslida hayotda ancha vazmin ayolman.  Ammo uyda qaynonaman, aytganim aytgan, deganim degan!

- Xatoga yo`l qo`yishsa urishmaysizmi?

- Shu kungacha xato qilishmadi, bundan keyin ham qilishmasa kerak. Negaki, tarbiyali oilaning qizlari. Qolaversa hali yosh bola ular.  Xato qilgudek bo`lishsa ham, to`g`ri yo`lga solib, yo`l-yo`rig`ini tushuntiraman.  

- Ba`zi hatti-harakatlaringizga ularning ko`zi tushganda xijolat bo`lmaysizmi?

- Kelinlarim doimo “voy oyijonim buncha asalsiz”, deyishadi, ular uchun ataylabdan o`ynab tushib beraman. Mening tanqidga uchraydigan raqslarimda arabcha elementlar bor, xolos. Shunaqa o`ynaydigan xonanda bormi? Yo`q! Tanqid qilaverishmasin, men axir  komik aktrisaman! Komik aktyorning vazifasi esa odamlarni  kuldirish. Men raqslarim, o`z xatti-harakatlarim  bilan kuldirishga intilyapman.

- Tinchgina, sipo bo`lib qo`shiq ayta olmaysiz shekilli-a..?

- Yo`q! Agar bilsangiz uxlayotganimda ham o`ynayman! Shu tomonim bilan originalman! (kulgu ko`tarildi) 

- Xorijlik insonga turmushga chiqqaningiz haqida gap tarqaldi.

- Yo`q, bu yolg`on! Unday odamning o`zi  ham yo`q. Chet elda villalarim bor emish, xorijlik erim olib berganmish... Bu ham mish-mish.

- Tanqidlarga e`tibor bermaydigan bo`lib qolibsizmi?

-Albatta! Ahamiyat bermayman. Agar o`rinli tanqid bo`lsa qabul qilaman.

Yodgorbek YuKSAL suhbatlashdi.

 

 

    Boshqa yangiliklar