O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 dekabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari kirib kelayotgan yangi 2021 yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, mamlakatlarimizning birodar xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Prezidentlar koronavirusning global miqyosda tarqalishi va jahon iqtisodiyotiga salbiy ta`siri bilan bog`liq murakkab sharoitda O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik va ko`p qirrali sheriklikni izchil rivojlantirishga erishilganini alohida ta`kidladilar.
Pandemiyaga qarshi kurashda ko`rsatilgan yordam va amaliy ko`mak uchun Turkiya tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik natijalari ham mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari va transport qatnovlari saqlab qolindi, bir yilda Turkiya investorlari ishtirokida 300 ta yangi korxona tashkil etildi. Ikki mamlakatning etakchi kompaniyalari tomonidan energetika, shaharsozlik, infratuzilmani modernizasiya qilish, qishloq xo`jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
O`zbekistonda ustuvor yo`nalishlarda amalga oshirilayotgan institusional islohotlarni qo`llab-quvvatlash uchun Turkiyadan malakali ekspert va maslahatchilar jalb qilingan.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar dasturi kengaymoqda.
Davlat rahbarlari O`zbekiston-Turkiya munosabatlarining butun salohiyatini samarali ishga solish va keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirish lozimligini qayd etdilar.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga etkazish imkonini beradigan O`zbekiston va Turkiya o`rtasida preferensiyali savdo kelishuvini tez fursatda qabul qilish muhim ekani ta`kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. 2021 yilgi ikki va ko`p tomonlama tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi, ularga puxta tayyorgarlik ko`rish bo`yicha birinchi galdagi choralar belgilab olindi.
O`zbekiston va Turkiya rahbarlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch, ochiqlik va do`stlik ruhida o`tdi.






