O`zbekistonda 2021 yil 1 apreldan byudjet jarayonining ochiqligini ta`minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida xabar berildi.
Ta`kidlanishicha, Shavkat Mirziyoevning 30 dekabr kuni «Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalari kiritish to`g`risida»gi qonuni imzolangan. Qonun bilan 4 ta qonun hujjatiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan.
Xususan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, byudjet jarayonining ochiqligini ta`minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shuningdek, Byudjet kodeksi, Soliq kodeksi hamda amaldagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan hamda Byudjet kodeksiga tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlarga oid norma kiritilgan.
Unga ko`ra, tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar qaytarmaslik sharti bilan hududiy byudjetlar, davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozidan oshgan qismini qoplash uchun beriladi. Bundan tashqari, byudjet jarayonining ochiqligini ta`minlash tartibi belgilangan.
Byudjet mablag`lari taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg`armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi har chorak yakuni bo`yicha 2020 yilning 25 yanvar sanasiga qadar o`z saytlarida quyidagi ma`lumotlarni joylashtirishi lozim:
- o`ziga tegishli byudjet tashkilotlari kesimida byudjet mablag`lari taqsimoti;
- davriy moliyaviy hisobotlar;
- davlat maqsadli jamg`armalaridan subsidiyalar va kredit oluvchilar;
- kapital qo`yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi.






