“Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" telegram kanali xabar berdi.
Qarorga ko`ra, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlari huzurida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etiladi.
Markazlarning asosiy vazifalaridan biri nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo`yicha tizimli tayyorlash hisoblanadi.
Markazlarda FHDYo organlariga nikohni qayd etish uchun ariza bergan va o`quv mashg`ulotlarida qatnashish uchun roziligi olingan 30 yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaxslar o`quv yuklamasi hajmi 16 soatdan kam bo`lmagan dastur asosida bepul o`qitiladi.
Ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning tomonlari ham markazlarda ixtiyoriy o`qishlari mumkin.
Markazlardagi o`quv mashg`ulotlari rejalari har oyda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo`linmalari rasmiy veb-saytlarida e`lon qilinadi.
O`quv tashg`ulotlarida to`liq qatnashgan tinglovchilarga tantanali ravishda sertifikat topshiriladi.






