Namangan viloyati hokimligida viloyatda 2021 yilda amalga oshiriladigan yo`l ishlari taqdimoti o`tkazildi.
Hokimlik xabar berishicha, viloyatda joriy yilda umumiy uzunligi 415 kilometr bo`lgan yo`llarni qurish va ta`mirlash ko`zda tutilgan. Buning uchun 531 milliard so`mdan ortiq mablag` sarflanadi.
Jumladan, “Kurnos—Arab—G`ova” umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`lini qurish, “Kosonsoy—Pop” yo`nalishida 3,6 kilometr uzunlikda yangi avtomobil yo`li barpo etish, “Iskovot—Kosonsoy—To`raqo`rg`on—Jomasho`y—Soybo`yi”, “To`raqo`rg`on—Namangan—Chortoq—Keskanyor—Sassiqsoy”, “Kosonsoy—Ravot—Chust—Pop—Navbahor” avtomobil yo`llarining ayrim qismlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.
Namangan shahridagi markaziy ko`chalarni ta`mirlashga 125 milliard so`m ajratiladi. EIZ va kichik sanoat zonalari yo`llarini bugungi kun talablari darajasiga keltirishga ham alohida e`tibor qaratiladi.
—Yangi yilning dastlabki kunlarini yo`llar mavzusidan boshlayotganimiz bejiz emas. Bu yil yo`llar biz uchun siyosatga aylanadi. Ortiqcha bir so`m topsak ham yo`lga sarflaymiz. Shu orqali yillar mobaynida e`tibordan chetda qolgan yo`llarimiz holatini o`nglaymiz, avtomobil tiqinlari muammosini echishga harakat qilamiz, — dedi hokim Shavkatjon Abdurazzaqov.
Tadbir davomida viloyat rahbari yo`llarni holatidan kelib chiqib “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratish, abgor holatga kelgan yo`llarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib ta`mirlash ishlarini zudlik bilan boshlash yuzasidan o`z takliflarini bildirgan.






