Bugungi qahramonimiz xalq xizmatidan ortmaydigan xonanda. Shu sabab, xizmat doirasidan tashqarida bo`ladigan vaqti u qadar ko`p emas. Lekin O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sardor Rahimxon bo`sh qoldi, deguncha oilasi bag`riga qushdek uchadi. Biz ham uni aynan shu paytda suhbatga tortdik...
— Vaqt – oqar daryo, deydilar. Ortga nazar tashlab, qanchalik mazmunli umr kechirganimizni yodga soluvchi soatlarga mehringiz bo`lak ko`rinadi? Doim e`tibor beraman: qo`lingizdan ham sira soat tushmaydi...
— To`g`ri topdingiz. Soat bu – dunyo g`animatligi, besh kunlik dunyoda barchaga qo`ldan kelgancha yaxshilik qilish kerakligini, o`tib borayotgan umrimizga yanada e`tiborli bo`lib, undan mol-davlat, shon-shuhrat emas, balki mazmun, ma`naviy ozuqa izlash kerakligini anglatadi. Aynan soatlarga mehrim bo`lakchaligi ham yuqoridagi fikrim bilan bog`liq. Shu bois ularni yig`ishni yaxshi ko`raman. Kichikkina: 10 ta soatdan iborat kolleksiyam orasida yaqinlarimdan biri ukam Tal`at sovg`a qilgan qo`l soati eng qadrlisi.
— Vaqtni qadrlaydigan insonsiz. Shu ma`noda oilangizga avvalgidan ko`proq vaqt ajratayotgandirsiz?
— Ishim juda ko`p qurbonliklarni talab qiladi. Oilaga kamroq vaqt ajratishim ham shular sirasidan. Kunduzi 11.00-12.00 larda uyqudan turganimda farzandlarim bog`chada bo`lishadi. Yarim tunda uyga qaytganimda esa tabiiyki uxlashayotganini ko`raman. Shuning uchun oilamga dam olish kunlari va bayramlarda vaqt ajrataman. Lekin farzandlarimning tarbiyasidan to eb-ichishigacha juda e`tiborliman. Bog`chasiga o`zim joylaganman, imkonim bo`ldi, deguncha qizlarimni o`zim bog`chadan olaman, ularni o`yingohlarga olib borish, birga do`konlarga olib chiqish, ular bilan o`ynashni yaxshi ko`raman. Chunki qizlarim davrasida bo`lsam dam olaman.
— Avvalgi suhbatlarimizdan birida rafiqangizni sayrga olib chiqolmayotganingizdan xafa bo`lishini aytgandingiz...
— Bu imkonsizlikdan haligacha qutulolmayapman. Ochig`i, atrofdagilarning nigohi bizga qadalayotgani va e`tibori noqulaylik tug`diradi. Lekin restoran, kinoga olib borishni kanda qilmayman. Rafiqamning sabrini munosib baholash maqsadida esa chet elga birga dam olishga borishni rejalashtiryapman.
— Shu vaqtgacha chet elda yolg`iz dam olishni uddasidan chiqqan ko`rinasiz?
— Ha, bu orzuim xayoliy amalga oshgan rasm-ku (kuladi)! Formula-1 poygasida qatnashib, chempion bo`lishni bir umr orzu qilganman. Dubaydagi “Ferrare world” degan joyda haqiqiy Ferrariga o`tirib rasmga tushganman.
— Mehribon bo`lishning o`zi kamlik qiladi, e`tiborli ham bo`lish kerak, degandi shveysariyalik yozuvchi Anri Frederik...
— To`g`ri, e`tibor har bir inson uchun muhim bo`lsa kerak. Ochig`i, avvallari e`tibortalab edim. Yoshim ulg`aygach, o`g`il, oila boshi, ota, kimningdir yaqin insoni, san`atkor sifatida ularga e`tibor berishim kerakligini anglab etganman. Jamiyatdagi, oiladagi o`rnim shuni taqazo etgani uchun ham bugungi kunda e`tibor kutib yashamayman. Lekin e`tiborni qadrlayman. Shu bois xonadonim to`rida e`tibor timsoli bo`lgan mukofotlarimga alohida o`rin ajratganman. Ular orasida eng birinchisi: 2006 yil “Tarona” taqdimot marosimida “Yil yangiligi” nominasiyasiga loyiq ko`rishgan. Bu mukofot menga ishonmay, yordamlarini ayaganlar oldida yuzimni yorug` qilgan. Eng qadrli mukofotlardan yana biri 2009 yilda Yurtboshimizning qo`llaridan qabul qilib olgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni. San`atkorlar orasida mazkur mukofotga erishgan eng yosh xonandaman. Bu esa baxt ulashish bilan bir qatorda, zimmamga katta mas`uliyat ham yuklaydi. Prezidentimzning menga bergan vazifalari va meni bergan va`dalarim bari yodimda. Xalqni menga bergan ishonchi, e`tibori, e`tirofini oqlashga harakat qilaman.
— O`z vaqtida “Yil yangiligi” bo`lgan Sardor Rahimxonning yangiliklarga tobi qanday?
— O`zimga nisbatan talabchan bo`lganim bois uyda oyoq uzatib yotishni xushlamayman. Doim harakatdaman, har kunimda nimadir yangilik bo`lishi shart! Yo`qsa, u kun eng yomon kunimlarimdan biri bo`ladi. Noxush yangiliklarga ham real ko`z bilan qarayman, chunki hayotda hamma narsa ham biz istagandek bo`lmaydi. Yangilik bilan bog`liq yana bir fakt: ko`pchilik erkaklar futbol ishqibozi, lekin men dunyoda sodir bo`layotgan voqealarni o`zida jamlagan yangilik dasturlarini yaxshi ko`raman. Qo`yib bersa, 24 soat ko`rishdan zerikmayman.
— Texnika rivojlangan bir paytda sizning plastinka eshitishni xush ko`rishingiz bu – yangilik!
— Hanuz yodimda: buvimning plastinka eshitsa ham bo`ladigan radiosi bor edi. Kamoliddin Rahimov, Nasiba Abdullaeva kabi ustoz san`atkorlar ijod namunalarini, turli mumtoz qo`shiqlarini eshitardik. Bolaligim, buvimni yodimga solgani uchun ham gramofonda plastinka eshitishni xush ko`raman.
— Yanglishmasam, bu qizingiz Sabriya chizgan rasm-a?
— Ha, 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan atay meni tabriklash uchun o`z qo`li bilan yasabdi. Kim uchundir bu oddiy qog`ozdek tuyular. Lekin otaga jajji qizining qo`lidan shunday sovg`a olish har qanday sovg`adan ustun. Bu holatimni ota-onalargina tushunishadi. Men ham bolaligimda ota-onamga turli narsalar yasab, hadya qilardim. Ularning o`sha vaqtdagi hissiyotini endi tushunyapman. Rosti, Vatan himoyachilari kunida meni tabriklashmaydi, deb xafa bo`lardim. Shu yildan boshlab, sovg`alar olishni boshladim (kuladi). Sabriya juda mas`uliyatli, e`tiborli “adajon, boshingiz og`riyaptimi?” deb bilsa-bilmasa dori ko`tarib keladi. Sabriya san`atsevar, eshitish qobiliyati yuqori. Beliga onasining ro`molini bog`lab olib, muqom bilan raqsga tushishi kishini lol qoldiradi. “Mimika”lar bilan raqs tushishda raqqosa Parizodani ortda qoldiradi (kuladi).
— Ayni damda xonadoningizning e`tibor talabi bu – Samiya bo`lsa kerag-a?
— Ha, ikki yoshli qizim Samiya uyga borishim bilan gapni “ko`taring”, deyishdan boshlaydi. Uyquga yotgunicha qo`limdan tushmaydi. Kichkina bo`lgani uchun hamma e`tibor unga qaratilgan. Sabriya katta qiz bo`lib qolgan, tushunadi va bizni qizg`onmaydi. Samiyada o`zimni aksimni ko`rgandek bo`laman: erkatoy, injiq, aytganini qildiradigan. Lekin tashqi ko`rinishidan onasining o`zginasi. Ot qilib minib, quloqlarim, yuzimni chimchilab, tishlab tashlaydi. Bu erkaliklariga chidayman. “Adajon, biz bilan uxlang!” deyishadi. Ikki kishilik yotoqda besh kishi uxlashini tasavvur qilyapsizmi? Samiya ustimga chiqib oladi, Sabriya, o`g`lim Muhammadali yonimda. Bunaqa sharoitda uxlab bo`ladimi? Keng joyda yotishni yaxshi ko`radigan bo`lganim uchun oxiri bolalarimni aldab, yostig`imni ko`tarib ularning xonasiga chiqib ketaman. Rafiqam hozir o`zi yostig`imni bolalar xonasiga olib chiqib beradigan bo`lgan (kuladi).
— Mana bu qornida bolasi bor fil va begemotlar e`tiborimni tortdi.
— Timsohlarni tomosha qilish uchun Tailandga borganimda, suvenir sotuvchilari bolali begemot sovg`a qilgan. Bu hayvon ularda baxt ramzi ekan. Malayziyaga qilgan sayohatimda esa meni uyiga taklif qilgan inson “Farzandlaring ko`p bo`lsin”, degan maqsadda qornida bolasi bor fil hadya qilgan. Fikrlar moddiylashadi, deyilgandek, shukur bugun baxtliman va uchta farzandning otasiman. Bilasizmi, ko`pchilik oilada bo`lgani kabi farzandlar tug`ilishi muddatini rejalashtiramiz. Lekin ikkita qizimning tug`ilishi orasidagi muddat ikki yil bo`lib qolgan. Shu sabab rafiqam o`zini tiklab olsin, degan maqsadda uch-to`rt yildan keyin uchinchi farzand ko`rishni reja qilgandik. Kutilmaganda, Alloh yana eng aziz ne`mat berganini bilib qoldik. Ishonasizmi, tinmay so`rashimga qaramay, rafiqam bila turib, oxirgi daqiqalargacha o`g`il yo qizligini aytmagan. Kutilmagan sovg`a bo`lishini istagan ekan. To`g`ri, qiz otasiga mehribon bo`ladi. Lekin har bir erkak kishi avlodini davom ettiradigan o`g`li bo`lishini orzu qiladi-da. O`g`lim Muhammadali hozir to`rt oylik.
— Kitoblarga mehringiz bo`lakchaligini so`zamolligingiz va fikrlaringiz butunligidan payqash qiyin emas...
— Kitob – bu ma`naviy ozuqa beradigan katta boylik. To`g`ri, bugungi kunda kitob o`qiydigan san`atkorlar juda kam. Kuni kecha xizmat safari yuzasidan xonanda Manzura bilan Surxondaryoga bordik. Shunda Manzura yo`l bo`yi kitob o`qib ketdi, bu meni uchun kutilmagan holat bo`ldi. Hamkasbimni kitob o`qiydi, deb hech o`ylamasdim. O`zimga kelsak, ko`nglimga yaqini Abdulla Qodiriy, Oybek, Said Ahmadning asarlari, Zulfiya, Hamid Olimjon, Muhammad Yusuf she`rlarini mutolaa qilishni kanda qilmayman.
— Tasviriy san`atga ham mehringiz bo`lakcha ekan?
— Albatta! Chuqur mulohaza talab qiladigan rasmlarni soatlab tomosha qilishni yaxshi ko`raman. Shu pallada dunyo tashvishlarini bir chetga surib, o`zingiz bilan o`zingiz qolasiz-da. Yangi uyga ko`chish arafasidaman, nasib bo`lsa tasviriy san`at asarlari bilan bezatishni rejalashtiryapman.
— Anglashimcha, o`zingiz bilan o`zingiz qolib, ko`nglingizni bo`shatishni xush ko`rasiz-a?
— Bilasizmi, ko`zyoshdek samimiy, beg`ubor narsa bo`lmasa kerak. Vijdon azobidan qiynalganda, ko`nglingizni bo`shatishni istaganingizda beminnat yordamchi. Shu sabab sira yig`lashdan uyalish kerak emas. Yolg`iz qolib, yuragimni bo`shatadigan damlar bo`lib turadi. Shu damda otam yodimga tushib ketdi. O`g`il uchun ota eng yaqin inson. U kishini yo`qotgach, otamni qanchalik menga kerakligini his qildim. Otamni sog`inganimda u kishining telpagini qo`limga olib, xayollar ummoniga sho`ng`igancha uni to`yib-to`yib hidlayman.
— Toliqqan ish kuningiz qanday yakun topadi?
— 1 stakan kefir va olma bilan tugayapti (miriqib kuladi). Erkak kishi o`ttiz yoshdan oshganidan keyin vazn muammosi paydo bo`larkan. Hamma uchun xushqomat bo`lib yurish birdek yoqadi, axir.
— Ishtahani qitiqlovchi oshxonaga ham yo`lingiz tushib turadimi? Tanovvul qilishni nazarda tutmayapman.
— (Miriqib kuladi), chiroyli bezatilgan, mazali taomni iste`mol qilish ham bir san`at. Ovqatdan estetik zavq, lazzat olgim, shukrona qilib iste`mol qilgim keladi. Shu bois faqat qornim to`ysa bo`ldi, deb ovqatlanadiganlar sirasidan emasman. Oyda bir uydagilarga fantaziyamga asosan yangicha taom tayyorlab beraman. Kuni kecha rafiqamga “bir sir aytaymi?” desam, muhim gap ekan, deb rosa sevindi. “Kelinlar qo`zg`aloni” videofilmida Klara Jalilova Obid Yunusovga “dadasi, to`g`risini ayting, biror qarindoshimiz o`tib qoldimi?” deganidek, rafiqam “rostini ayting, nima bo`ldi?” deydi-da (kuladi). Onam o`z vaqtida “ikkinchi taom pishirganingni ko`rmay!” demaganida, katta qiziqishim sabab yangiliklar qiladigan mohir oshpaz bo`lardim, dedim. Onam qandolatchi bo`lgani bois yoshligimda oshxonadan chiqmasdim-da. Taom bilan bog`liq filmlar, ko`rsatuvlarni qoldirmay ko`raman. Kuni kecha ovqat tayyorlaydigan telekanaldan yangicha “blinchik” qilishni ko`rsatib qoldi. Rafiqamni darrov chaqirib, birga tayyorladik. Ziyoda oshxonada men bilan taom pishirishni yaxshi ko`radi. Ayolim o`zbek oshxonasida tayyorlanadigan barcha taomlarni pishirishni biladi. Lekin talabim yuqoriligi sabab, unga javob berolmasligini bilaman. Chunki kutilmagan ta`m, noodatiy taomlarni yaxshi ko`raman. Shu bois Ziyoda pishirgan ovqatning aybini bilsam ham “shirin chiqibdi”, deb yoki indamaygina eb qo`ya qolaman (kuladi).
Yoshim katta bo`lgach, dasturxonga o`zim duo qiladigan bo`lganman. Qush uyasida ko`rganini qiladi-da, Sabriya qo`lini duoga ochib, bolalarcha fikrlashi bilan “adajonimning pullari ko`p bo`lsin, yaxshi uxlasinlar...” deb duo qiladi. Bu zavqli!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.





