Ukraina Milliy tibbiyot palatasi rahbari Sergey Kravchenko bosh sanitariya shifokori Oleg Lyashkoning mamlakatda Rossiyaning "Sputnik V" koronavirus vaksinasini ro`yxatdan o`tkazish mumkin emasligi haqidagi so`zlarini «yolg`on» deb atadi. Bu haqda u o`zining Facebook sahifasida yozgan, deyilmoqda ria.ru xabarida.
Avvalroq Lyashko klinik sinovlarning tugallanmagan uchinchi bosqichi tufayli vaksinani ro`yxatdan o`tkazish imkonsiz deb aytgan edi.
Kravchenko o`tgan yilning fevral oyida Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti "SOVID-19 ga qarshi vaksinani ishlab chiqish mezonlarini aniqladi va barcha mamlakatlarga global pandemiya bilan bog`liq ravishda vaksinalarni favqulodda ro`yxatdan o`tkazish tartibiga o`tishni tavsiya qilganini" esladi.
Ukraina Milliy tibbiyot palatasi rahbari ta`kidlaganidek, shu kungacha dunyoda ushbu sxema bo`yicha sakkizta vaksina ro`yxatdan o`tgan. "Biroq, ularning hech biri klinik sinovlarning uchinchi bosqichini to`liq bajarmagan", - deya qo`shimcha qildi u.
Avvalroq, Ukraina Bosh vaziri Denis Shmgal Ukraina koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini ishlata olmaydi, chunki u klinik sinovlarning uchinchi bosqichidan o`tmagan va hozirda Rossiya vaksinasini sotib olish to`g`risida gap ketmayotganini ta`kidlagan edi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiyaning koronavirusga qarshi "Sputnik V" vaksinasini Rossiyaning Ukrainaga qarshi "gibrid quroli" deb atadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq Ukrainani koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasi bilan ta`minlash imkoniyati mavjudligini aytgan, ammo Kievdan iltimos zarur, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil 31 dekabrda Xitoy hukumati Jahon sog`liqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismidagi Uxan shahrida (Xubey viloyati) noma`lum pnevmoniya yuqishi haqida xabar berdi. Mutaxassislar yangi koronavirus kasallikning qo`zg`atuvchisi bo`lganligini aniqladilar, keyinchalik kasallik rasman COVID-19 deb nomlandi. JSST 11 mart kuni dunyoda yangi koronavirus virusi pandemiyasini e`lon qildi.






