AsosiyJamiyat

Toshkentda homiladorlikning 25-haftasida 480 gramm vaznda tug`ilgan chaqaloq 2 yoshga to`ldi

'Toshkentda homiladorlikning 25-haftasida 480 gramm vaznda tug`ilgan chaqaloq 2 yoshga to`ldi'ning rasmi

SSV Matbuot xizmati Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi bosh neonatologi Malika Usmonova bilan bo`lgan suhbatni e`lon qildi.  

— Bola neonatolog parvarishidan so`ng onasi qo`liga berilgach,  nimalarga e`tibor qaratishi lozim?

— Hamma yangi tug`ilgan chaqaloqlar kabi bu go`daklar ham to`g`ri rivojlanishi uchun nafas olishi va tana haroratining nazorati zarur. Eng muhimi, uning ovqatlanishi, ishtahasi yaxshi bo`lishini doimiy kuzatib borishi  kerak. Tana harorati 36,5 dan 37,5 gacha me`yor hisoblanadi. Bolani isitib yuborish ham to`g`ri kelmaydi.  

Bunday bolalarni ota-onalari ko`proq bag`rida olib yurishlari maqsadga muvofiq. Tana harorati bir me`yorda bo`lishi bolaning nafas olishi, ko`krak olishi va ichi kelishiga yaxshi yordam beradi. Vaqti-vaqti bilan shifokor ko`rigidan o`tib, audiometriya — eshitish qobiliyatini tekshirish, shu bilan birga, oftalmolog va nevropatolog nazoratida bo`lishlari ham lozim.  

— Tajribangizda eng muvaffaqiyatli kichik vaznliligidan parvarish qilgan chaqalog`ingiz haqida gapirib bersangiz...

— Bunday misollarimiz ko`p. Masalan, bundan ikki yil avval Risolat ismli qizchamiz 480 gramm vazn bilan homiladorlikning 25-haftasida tug`ildi. Uning parvarishi, muddatiga etib olishi, sog`lom bo`lib uyiga chiqib ketishi uchun uch yarim oy vaqt ketdi. Hozir uning sog`lig`i juda yaxshi.  

Qizaloq 2 yoshga to`ldi. Har gal uni ko`rganimda quvonib ketaman. Shu jajji murg`akkinaning yashab qolishi uchun qilgan mehnatimiz besamar ketmaganidan xursand bo`laman.  

— Aytingchi, ushbu sohada mutaxassislar etarlimi, yurtimizda ularning  xalqaro talablarga mos ravishda tajriba orttirishlari uchun sharoitlar yaratilganmi?

— Mamlakatimiz  oliy ta`lim muassasalarida neonatologiya kafedralari, bir qator milliy trenerlar va bosh neonatologlar bu sohaning rivojlanishiga o`zlarini mas`ul deb hisoblaydilar.  

Joylarda ham amaliyot yuqori darajada bo`lishi uchun qo`llanmalar, standartlar tayyorlashadi, kuratorlik chiqishlari qilib, joylarda amaliy yordam ko`rsatishadi. Mutaxassislar viloyatlardan muntazam ravishda Respublikamiz perinatal markazlarida, Rossiya va boshqa davlatlarda o`z malakalarini oshirib kelmoqda.  

2018 yil noyabr oyida mamlakatimizda shu yo`nalishda yirik konferensiya o`tkazdik. Oxirgi yillar hisoboti, neonatal yutuqlarimiz va rejalarimiz haqida fikr yuritdik. Ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari O`zbekistonda neonatal xizmat jahon talablariga mos ravishda rivojlanib borayotganini e`tirof etishdi. Bu bizga berilgan yuqori baho edi.  

— Neonatologiya sohasi  viloyatlarda ham yo`lga qo`yilganmi? U erdagi mutaxassislar darajasiga  qanday baho berasiz?

— Viloyatlardagi hamda markazlardagi muassasalarda jihozlar bir xil taqsimlangan. Hududlardagi bosh neonatologlar va barcha neonatologlar bir-birlari bilan uzviy bog`lanishgan.  

Markazdagi etakchi klinika va kafedra xodimlaridan o`z vaqtida onlayn shaklda maslahat olish imkoni bor. Har bir yangi ma`lumot darhol barcha mutaxassislarga etkaziladi. Kuzatuvlarimiz va hisobotlar viloyatlarda ham neonatal yutuqlarimiz yomon emasligini ko`rsatib turibdi.

    Boshqa yangiliklar