Ijtimoiy tarmoqda "Haydovchi YPX xodimini mashina kapotida sudrab ketdi" sarlavhasi ostida tarqalgan video lavha yuzasidan ma`lumot berildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 4 yanvar kuni soat 10:15larda, Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumani, Shahrisabz va O`zbekiston ovozi ko`chalari kesishgan chorrahada, Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi Y.Qosimxodjaev "Neksiya" rusumli, 01 O 412 JB davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi yo`l belgisiga amal qilmasdan ortga qayrilib olgan vaqtida to`xtash ishorasini bergan.
Haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan harakatini davom ettirgan. Mirobod tumani, A.Temur va S.Azimov ko`chalari kesishgan chorrahada qoidabuzar haydovchi uni to`xtatishga uringan YPX xodimining ustiga avtomobilini boshqargan va xodim avtomobil kapoti ustida osilib qolgan holatda 10-20 metr masofaga harakatlangan.
Ko`rilgan tezkor choralar natijasida transport vositasi to`xtatilgan.
Haydovchi, 1993 yilda tug`ilgan B.I.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 135 va 194-moddalari tartibida bayonnoma tuzilib, avtomobil ushbu Kodeksning 291-moddasi tartibida vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hozirda qo`shimcha surishtiruv ishlari davom etmoqda.






