Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboev pandemiya bilan bog`liq vaziyat haqida fikr bildirdi:
«Aholi salomatligini saqlash — davlat siyosatining asosiy yo`nalishi bo`lib kelgan. Chunki aholi salomatligi bevosita milliy xavfsizlikka aloqador.
2020 yilda mamlakatimizga kirib kelgan koronavirus pandemiyasi, ayniqsa dastlabki oylarda ko`pchilikni, jumladan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarini ham nafaqat tashvishga, ma`lum darajada vahimaga ham soldi. Chunki koronavirus har yili bo`ladigan mavsumiy gripp, shamollashdan tubdan farq qiladigan infeksiya bo`lib chiqdi.
Birinchidan, uning yuqumlilik darajasi juda yuqori, deyarli 90-100 foizga yaqin. Shu infeksiya bilan kontaktda bo`lgan insonlarning qariyb hammasida shu kasallik rivojlandi.
Ikkinchidan, koronavirus odatiy grippga o`xshab, 7-8 kunda o`tib ketmasdan, ko`p hollarda turli asoratlarga, xususan pnevmoniyaga olib keldi. Pnevmoniya og`ir kechishi, hatto o`lim holatlariga sabab bo`lishi bilan boshqa har qanday gripp shakllaridan farq qildi.
Uchinchidan, koronavirus infeksiyasi o`zi kasallik chaqirishi bilan birgalikda organizmda ilgari bo`lgan surunkali kasalliklar, masalan, qandli diabet, o`pka xastaligi, yurak qon-tomir kasalligining keskin zo`rayib ketishiga olib keldi».






