Bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Botir Qurbonov ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda infeksiyaning yangi shtammi kirib kelishining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumotlar taqdim etildi.
Mutasiyaga uchragan yangi turdagi koronavirus Buyuk Britaniyada keng tarqalmoqda. Britaniya qirolligi bo`ylab cheklovlar e`lon qilingan, lekin odamlar orasidagi kontakt to`liq uzilmagani tufayli yangi turdagi virus tez tarqalib ketgan. Dastlab virusning yangi shtammi Daniya, JAR va Avstraliyada aniqlangan edi.
️ O`zbekiston 2020 yilning 21 dekabridan Britaniya va yangi shtamm aniqlangan boshqa 8 ta mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni to`xtatgan.
Virus mutasiyaga uchrash oqibatida yangi turi paydo bo`lgan. Uning mutasiyaga uchrashiga odamlar o`rtasidagi kontaktlar uzilmay qolgani va ko`pchilik karantin qoidalariga rioya qilmay qo`ygani sabab bo`lishi mumkin.
️Sentyabrda aniqlangan yangi shtamm Londonda shu qadar tez tarqaldiki, bugun poytaxtda koronavirus yuqtirganlarning 65 foizida aynan mutasiyaga uchragan koronavirus aniqlangan. Ma`lum qilinishicha, yangi virus oldingisidan 70 foizga yuqumliroq bo`lishi mumkin.
Virus mutasiyaga uchrashi yangilik emas. Uxanda tarqalgan koronavirus mutasiyaga uchrab, fevralda yangi shtamm Evropada juda keng tarqalib ketgandi. Butun dunyo bo`ylab virusning aynan mana shu turi eng keng tarqaldi. Yozda avval Ispaniyada dam olayotgan sayyohlarda aniqlangan va keyinchalik keng tarqalgan A222V turdagi koronavirus ham mutasiyaga uchragandi.
️Immuniteti sust bo`lgan odamning tanasiga tushgan koronavirus rivojlanib, mutasiyaga uchrashi oqibatida yangi turdagi virus paydo bo`lishi mumkin. Bu virus oldingisiga qaraganda ko`proq o`limlarga sabab bo`lishi isbotlanmagan.
Yangi shtammning O`zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida chet eldan kirib kelayotgan fuqarolarni ko`rikdan o`tkazish, ekspress usulida antigen test sinamalari o`tkazish, shifoxonalarga joylash, karantinga olish va muloqotda bo`lganlarni izolyasiya qilish tadbirlari davom ettirilmoqda.
Dastlabki shtammdagi koronavirus infeksiyasida bo`lgani kabi bu shtammda ham niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy rioya etish, qo`llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish eng samarali usullar hisoblanadi. Shuningdek, agar zarurat bo`lmasa chet mamlakatlarga chiqish, turli yig`inlarni tashkil etish va ishtirok etishdan tiyilgan ma`qul.