AsosiyJamiyat

O`zbekistonda stomatologiya sohasiga xorijiy tajriba joriy etilmoqda

'O`zbekistonda stomatologiya sohasiga xorijiy tajriba joriy etilmoqda'ning rasmi

O`zbekiston stomatologiyasi o`z bemorlarini davolash uchun eng zamonaviy xalqaro usullardan foydalanishi kerak. Ushbu maqsadda Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi tomonidan dunyo miqyosidagi ekspert, Evropa, AQSh, Kanada, Rossiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklari stomatologlari uchun ilmiy ishlanmalar va master-klasslar muallifi, professor Filipp Sleyman bilan onlayn muzokaralar olib bordi.

Doimiy ravishda eng yangi ilg`or uslublarni o`zlashtirish va orttirilgan tajribani faol ommalashtirish Filipp Sleymanning boshqalardan ajratib turadigan xislatlari sanaladi. Bayrutdagi Livan universitetining professori bo`la turib, u turli mamlakatlarda, xususan, AQShdagi Shimoliy Karolina universitetida va muqaddas Iosif universitetida  ishlab tajriba orttirgan, o`zlarining tibbiy darajasi bilan nom taratgan Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada kabi mamlakatlarda nasihatgo`ylik faoliyatini olib borgan. U MDH mamlakatlari hududida, ayniqsa Rossiyada taniqli. 

F. Sleyman Bolgariya, Ruminiya Stomatologiya jamiyatining faxriy a`zosi, Livan stomatologiya assosiasiyasi ilmiy mukofoti sohibi, AQShning bir qator professional assosiasiyalari sirasiga kiradi, jahon stomatologiya materiallari va uskunalarini ishlab chiqaruvchilariga maslahatlar beradi, ushbu sohadagi bir qator uslublarga patentlar muallifi ham. 

O`zbekiston shifokorlari malakasini doimiy oshirib borish maqsadida   taniqli xorijiy amaliyotchilar va pedagog-nasihatchilarni jalb etish Milliy palataning Mamlakatimiz sog`liqni saqlash tizimiga eng yaxshi xalqaro tajribani olib kirish bo`yicha dasturining bir qismi sanaladi. Ushbu maqsadda Milliy palata mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda dunyoning turli mamlakatlaridagi eng yaxshi tibbiy amaliyotlarning doimiy tahlili olib boriladi, hamda O`zbekiston tibbiy klinikalari va OTMlari bilan hamkorlik rivojlantiriladi. 

Xususan, F.Sleyman bilan muzokaralar Milliy palata va Toshkent davlat stomatologiya instituti (TDSI) o`rtasidagi Memorandum asosida tashkil etilgan. 2021 yil 4 yanvarda olib borilgan uchrashuvda TDSI prorektori professor Behzod Yarmuhammedov va institut kafedra mudiri professor Olga Bekjanovalar ishtirok etdi. 

TDSI vakillari so`zlariga ko`ra, bugun mutaxassislarni tayyorlash jarayonida, hamda amaldagi stomatologlarning malakasini oshirishda innovasion tadqiqotlarni, dunyoning turli mamlakatlarida samarasini ko`rsatgan materiallarni, uskunalarni o`zlashtirish muhim o`rin tutadi. Zamonaviy endodontda (tishlarning tomir kanallari kasalliklarini davolash) mikroxirurgiya, katta ahamiyat kasb etadi. Uni o`zlashtirish uchun esa amaliy master-klasslar, pedagog-nasihatchining bevosita tajribalari kerak bo`ladi.

F.Sleyman ta`kidlaganidek, u tinglovchilarning har xil guruhlari — talabalar va amaldagi stomatologlar uchun zamonaviy ma`lumotlar va usullarni taqdim etishga tayyor. Tomonlar dolzarb mavzularni tayyorlash va muvofiqlashtirish, hamda o`qishning kunduzgi va sirtqi shakllarida leksiya va master-klasslarni tashkil etishga kelishib oldilar. 

«Standartlarni joriy etish, tashhislash usullari, turli kasalliklarni davolash va oldini olishni xalqaro sifat standartlarigacha  takomillashtirish birgalikdagi Memorandumimizda aks etgan hamkorligimizning asosiy maqsadlaridan biri sanaladi», — deb ta`kidlaydi Milliy palata raisi Rovshan Izamov. — «Buning uchun eng samarali yo`l — ilg`or xalqaro tajribani o`zlashtirishdir. Shunday ekan, kelinglar, Yangi yilni innovasion g`oyalar va yondashuvlarni yanada rivojlantirishdan boshlaylik». 

Hozirgi vaqtda Milliy palata tomonidan o`zining mamlakatimiz sog`liqni saqlash tizimiga eng yaxshi xalqaro tajribani olib kirish bo`yicha dasturi doirasida sog`liqni saqlashning dunyodagi taniqli vakillari bilan bir qator muzokaralar olib borilyapti. Dasturning asosiy maqsadi — mamlakat aholisiga ko`rsatiladigan tibbiy xizmatni yaxshilashdir.

                                      O`zbekiston Respublikasi Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati

 

Boshqa yangiliklar