Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Anvar Umarov hududlardagi Prezident maktablari va qolgan vilotyalarda ular qachon ochilishi borasida ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, hozirda Qoraqalpog`iston, Namangan va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida Prezident maktablari faoliyat yuritmoqda. 2021-2022 o`quv yilidan boshqa barcha hududlarda Prezident maktablari tashkil etilishi ko`zda tutilgan.
Anvar Umarovning ma`lum qilishicha, 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Farg`ona shaharlarida Prezident maktablari qurilish ishlari olib borildi. 2021 yilda esa Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablari qurilishi rejalashtirilgan.
Ma`lumot o`rnida, 2021 yilda respublikada 10 ta Prezident maktabi, kimyo, biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o`z faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, iqtidorli o`g`il-qizlarning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o`zlashtirishga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida yangi universitet tashkil etiladi.






