2021 yilning 4 yanvar kuni soat 10:40 larda bekobodlik Abidjon P., spirtli ichimlik ta`sirida, o`zi bilan mardikorlik qiladigan tanishlarining oldiga kelib, bozor oldida turgan tanishi Alisher S., bilan salomlashmoqchi bo`ladi. Lekin Alisher S., uning mast ekanligini ko`rib, uyiga borishini aytib, uning oldidan ketadi. Uning bu harakati sarmast Abidjon P., ning jahlini chiqaradi va bozordagi oshxonadan pichoq olib, Alisher S., ning orqasidan borib, unga bepisand munosabatda bo`lding, deya hech bir sababsiz qorin bo`shlig`iga bir marotaba pichoq urib, qasddan tan jarohati etkazgan.
Natijada Alisher S., Bekobod shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Tergov harakatlari jarayonida hodisa joyini ko`zdan kechirish vaqtida qon dog`lari mavjud bo`lgan oshxona pichog`i ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilib olingan, hodisa guvohlari so`roq qilingan va jinoyat ishi yuzasidan gumon qilinuvchi Abidjon P., Bekobod shahar IIB Vaqtincha ushlab turish hibsxonasida saqlanmoqda.
Bekobod shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” va “L” bandlari (bezorilik oqibatida, qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni ishlatib, qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov davom etmoqda.






