O`zbekistonda mahalla xodimlariga oliy ta`lim muassasasiga kirishda imtiyoz beriladi.
«Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2021/2022 o`quv yilidan boshlab pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi oliy ta`lim muassasalarida «5520100 – Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari bo`yicha)» bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari uchun sirtqi ta`lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Mazkur sirtqi ta`lim shakli doirasida o`qitish to`lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo`lgan hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari xodimlari talabalikka tavsiya etiladi. Bunda tasviyanoma asosida o`qiyotgan talabalar o`qishini boshqa bakalavriat ta`lim yo`nalishiga ko`chirishga ruxsat berilmaydi.
Tavsiyanoma, jumladan, egallab turgan lavozimida so`nggi bir yil davomida faoliyat yuritayotgan hamda tizimda kamida uch yillik ish stajiga ega bo`lgan xodimlarga beriladi.






