Bugun AOKAda IT-texnologiyalar, telekommunikasiyalar va innovasion faoliyatni sohasini rivojlantirish bo`yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlarning tanqidiy-tahliliy natijalari hamda 2021 yilgi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan brifing bo`lib o`tdi.
Unda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov davlatimiz rahbari tomonidan «AyTi» tadbirkorlik va yoshlarni ish bilan ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.
«Har bir hududda Raqamli texnologiyalari o`quv markazlari tashkil etish orqali aholini, ayniqsa yoshlarimizni dasturlash sirlari, veb-saytlar va mobil ilovalar yaratish bo`yicha bilimlarni oshirish yo`lga qo`yildi.
Shu maqsadda o`tgan yili IT Parkning 5 ta filiali faoliyati yo`lga qo`yildi (Andijon, Farg`ona, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand), ularda 400 dan ziyod korxona faoliyat boshladi.
Qisqa vaqt mobaynida ular tomonidan 900 dan ziyod dasturiy ta`minot mahsulotlari ishlab chiqildi.
5 ta muhim tashabbus doirasida respublika bo`yicha 107 ta Raqamli texnologiyalar o`quv markazi foydalanishga topshirildi va 200 dan ortiq yangi ish o`rni tashkil etildi», – dedi vazir.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni joriy etishda raqamli infratuzilmani rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlanib, yil davomida bu borada amalga oshirilgan ishlar sanab o`tildi:
1 mln.ta internet tarmog`ida keng polosali ulanish portlari o`rnatildi va ularning umumiy soni 3 mln.taga etkazildi;
32 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurildi;
3 mingta tayanch stansiyalari keng polosali texnologiyalari asosida modernizasiya qilindi;
5 Petabayt sig`imga teng Ma`lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirildi;
Mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga o`tgan yil dekabr oyidan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobarga, o`tgan yil davomida internet xizmatlari tariflari esa 29 foizga arzonlashtirilishiga erishildi (1 Mbit/s internet narxi 40,0 ming so`m).
Qolaversa, ijtimoiy soha ob`ektlariga, shu jumladan 8 095 ta xalq ta`limi, 5 440 ta maktabgacha ta`lim va 3 207 ta sog`liqni saqlash muassasalarigacha jami 14 ming km optik tolali aloqa liniyalari tashkil etildi va yuqori tezlikdagi internet tarmog`iga ulanish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, 5 641 ta mobil aloqa tayanch stansiyalari ishga tushirildi.






