AsosiyJamiyat

11 yanvardan O`zbekistonda barcha maktablar to`liq an`anaviy o`qishga o`tadi

'11 yanvardan O`zbekistonda barcha maktablar to`liq an`anaviy o`qishga o`tadi'ning rasmi

2020-2021 o`quv yilining birinchi yarim yilligida o`quv jarayoni yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, ota-onalarning ixtiyoriga ko`ra an`anaviy va masofaviy shaklda olib borildi. Bu haqda Xalq ta`limi vaziriligi Matbuot xizmati xabar qildi. 

Xalq ta`limi vazirligi yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgani, ikkinchi chorak yakuniga qadar 90 foizdan ortiq o`quvchilar an`anaviy shaklda ta`lim olish maqsadida maktabga qaytganini inobatga olib, 2021 yilning 11 yanvaridan  (III chorak) barcha maktablarda o`quv jarayonlari to`liq an`anaviy shaklga o`tkazilishini ma`lum qiladi.

Aytish joizki, o`quvchilarning sog`ligini himoyalash bo`yicha o`z vaqtida  ko`rilgan choralar natijasida o`quv yilining birinchi yarim yilligi davomida an`anaviy shaklda ta`lim jarayoni yo`lga qo`yilgan maktablarda epidemiologik vaziyatning barqarorligi ta`minlandi.    

Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, ikki chorak davomida masofaviy ta`lim olish jarayonida o`quvchilarning darslarni to`liq o`zlashtirishlariga etarli imkoniyat bermadi, ayrim holatlarda o`quvchilar televizion darslarni ko`rish va o`rganish o`rniga vaqtini besamar o`tkazish va ota-onalar tomonidan etarli nazorat etilmasligi oqibatida voyaga etmaganlar o`rtasida huquqbuzarlik holatlari ham kuzatildi.  

Shu bois, ota-onalardan farzandlarining kelajagi uchun o`z vaqtida bilim olishlariga sharoit yaratishlari va maktabga yuborishlarini so`rab qolamiz.

O`z o`rnida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari barcha umumta`lim maktablarida qishki mavsumda issiqlik tizimini barqaror ishlashi, o`quvchilarning sog`ligini himoyalash bilan bog`liq tashkiliy choralarni ko`rish, sanitariya-gigiena va dezinfeksiya vositalari bilan ta`minlashlari talab etiladi, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar