AsosiyJamiyat

Nukusda Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonining kapital ta`mirlangan binosi foydalanishga topshirildi

'Nukusda Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonining kapital ta`mirlangan binosi foydalanishga topshirildi'ning rasmi

Nukus garnizonidagi qayta ta`mirdan chiqqan Safarbarlik chaqiruv rezervi (SChR) batalonining binosi tantanali tarzda foydalanishga topshirildi. Bu haqda  Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.

Tantanali tadbirda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o`rinbosari Muratbay Jumanov, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

“Qoraqalpog`iston Respublikasi Harbiy-ma`muriy sektori ko`magi bilan 2020 yilning dekabr oyida okrugimizda xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan, harbiy xizmatchilar uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo`lgan “Nukus” dala-o`quv maydoni foydalanishga topshirilishi tarixiy voqea bo`ldi. Bu o`z o`rnida harbiy bo`linmalarimizning jangovar shayligini yanada oshirishga qo`shimcha imkoniyat yaratdi. Buning uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi rahbariyati va xalqiga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz”, – dedi nutqida polkovnik Farhodjon Shermatov.

Ta`kidlash joizki, 500 o`ringa mo`ljallangan SChR bataloni binosi uch qavatdan iborat bo`lib, oldin bu erda xizmatchilarning yashashi hamda sifatli ta`lim-tarbiya olishi uchun etarlicha shart-sharoit va qulayliklar etarli darajada mavjud bo`lmagan. Olib borilgan kapital ta`mirlash va rekonstruksiya ishlari natijasida qisqa vaqt ichida binodagi barcha ob`ektlar to`liq rekonstruksiya qilinib, eskirib ketgan mebel va jihozlar yangilanishiga erishildi.

Olib borilgan qurilish ishlari natijasida batalon binosining ichki qismida bo`linma komandirlari uchun 10 ta xizmat xonasi, bir vaqtning o`zida 500 nafar xizmatchini joylashtirish imkoniga ega bo`lgan 13 ta mashg`ulot va 3 ta maishiy xizmat ko`rsatish xonalari, 3 ta keng va shinam yotoqxonalar, 5 ta sanitar tizim qayta takomillashtirildi. 7 ming badiiy adabiyot va 10 mingta elektron kitobga ega bo`lgan hamda Ziyo-net milliy axborot-ta`lim tarmog`iga ulangan kutubxona bu erda yoshlarning ma`naviyatini, ma`rifatini yuksaltirishga xizmat qiladi. 

Ilgari xizmatchilarning madaniy hordiq olishi, turli tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari, kinofilmlar tomosha qilishi uchun maxsus ajratilgan joyning bo`lmagani tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda birmuncha qiyinchiliklar tug`dirib kelgan. 200 o`ringa mo`ljallangan yangi majlislar zali yuqoridagi muammolarga echim bo`ldi.

600 o`ringa mo`ljallangan va zamonaviy standartlarga mos tarzda jihozlangan shinam oshxona majmuasi xizmatchilarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlaridan tayyorlangan va kaloriyaga boy milliy taomlarni uch mahal dasturxonga tortiq etadi.

Eslatib o`tamiz, SRCh xizmati 2003 yilda chaqiruv yoshidagi fuqarolar uchun harbiy xizmat turi sifatida joriy etilgan. «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida»gi qonuniga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni o`tashga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo`lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilmagan shaxslar SChR safiga olinadi.

Tadbir davomida SChR binosini ta`mirlash ishlarini olib borgan korxona rahbariyatiga harbiy okrug qo`mondonligi tomonidan minnatdorchilik bildirildi. 

Binoning ochilish marosimidan so`ng tashrif buyurgan mehmonlar bu erda yaratilgan yangi sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mamlakatimiz o`z armiyasiga bo`lgan yuksak e`tiborini o`zlarida ham his qilishdi. Ayniqsa, oldin ushbu harbiy okrugda xizmat qilib, bugun nafaqa gashtini surayotgan harbiy pensionerlarning bunyodkorlik ishlaridan hayrati cheksiz bo`ldi.

 

    Boshqa yangiliklar