“Andijon suv ta`minoti” shu yilning 9 yanvar kuni Andijon shahriga ichimlik suvi etkazib beruvchi diametri 1400 mm.li bo`lgan “Xonobod-Andijon” markaziy suv quvurining Andijon tumani Xortum MFYga qarashli “Anjirzor” ko`chasi hududida joylashgan suv taqsimlash jihozida nosozlik yuzaga kelganini ma`lum qildi.
Keltirilishicha, ushbu nosozlikni bartaraf etish maqsadida zaruriy choralar ko`rilmoqda va nosozlikni bartaraf etish uchun shu yilning 11-12 yanvar kunlari aholiga suv etkazib berish ta`minotida uzilish yuzaga kelishi mumkin. Nosozlikni bartaraf etish jarayonida Andijon shahriga Jalaquduq tumanida joylashgan “Paxtakor” er osti suv inshooti orqali toza ichimlik suvi etkazib berish choralari ko`rilmoqda. Bundan tashqari 40 dona maxsus suv tashish transport vositalari xizmatga shay holatga keltirilgan.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda aholining savdo do`konlaridan ichimlik suvlari xarid qilish jarayoni avjiga chiqqani aks etgan videolavhalar tarqaldi.
«Andijon suv ta`minoti» MChJda vaziyatdan kelib chiqqan holda maxsus Shtab tuzilgan bo`lib, toza ichimlik suvi etkazib berish zarur bo`lgan holatlarda shtabning +998-74-223-04-05, +998-74-226-04-05 telefon raqamlariga murojaat qilish so`raladi.
“Andijon suv ta`minoti” MChJ Andijon shahri aholisidan ichimlik suvi zaxirasini yaratib olishlarini so`ragan holda, yuzaga kelgan holat yuzasidan uzr so`raydi.






