20 ming AQSh dollariga “baxt” va`da qilgan folbin qo`lga olindi

Jinoyat 02.02.2016, 15:38
20 ming AQSh dollariga “baxt” va`da qilgan folbin qo`lga olindi

Boshiga biror tashvish tushgan ba`zi bir insonlar uning echimini qidirish o`rniga muammolarini folbin va azayimxonlar bir kuf-suf bilan bartaraf etishlariga ishonishadi. Topgan-tutganlarini qo`ltiqlab, ularning oldiga chopishadi.

Nazira (ism-shariflar o`zgartirilgan) qizchasi bilan eridan ajrashib ketganidan keyin tushkunlikka tushib qoldi. Yaxshiyam sevimli kasbi bor, u tuman xalq ta`limi bo`limida ishlaydi. Shu erda u dugonalari bilan dardlashib, ozgina bo`lsa-da, g`am-tashvishlarini unutadi. Shunday kunlarning birida ularga qarashli maktablardan birida ishlovchi dugonasi Madinani uchratib qoldi.

– Nazira, salom! Charchamay ishlayapsanmi? Qizchang yaxshimi? Shaxsiy frontda biror yangiliklar bormi? – deb dugonasidan hol-ahvol so`radi Madina.

– Yaxshimisan, Madina? Ishlarim yaxshi, ammo shaxsiy hayotimda hech qanday o`zgarish yo`q, hamon eski hammom, eski tos.

– Agar istasang, men bilan yur. Zo`r folchi topdim, hamma maqtayapti. Ko`zi ojizmish, eskicha o`qib, dam solib qo`ysa, baxting ochilib, ishlaring yurishib ketarmish. Hozir uning oldiga bormoqchi bo`lib turibman.

– E, shuncha folbinlarga bordim, hech bir o`zgarish bo`lmadi-yu, – dedi ishonchsizlik Nazira.

– Bunisining dami judayam kuchli emish. Sen ixlos qil, chiqmagan jondan umid, – uni ishontirishga harakat qildi Madina.

– Qaerda yasharkan? – qiziqdi Nazira.

– Uzoq emas, bozorning yonida turarmish. Ketdikmi?

– Mayli, ketdik. Bunisini ham bir ko`raylik-chi.

Ular yo`lga tushishdi. Kerakli manzilga etib borib, to`qqiz qavatli bino oldida to`xtashdi. Eshikka maxfiy kod qo`yilgan ekan, Madina kerakli raqamni terdi. Domofondan “Kim u?” degan ovoz yangradi.

– Gavhar opa, bu men Madinaman, – o`zini tanishtirdi qiz.

Shundan keyin eshik ochildi. Madina bilan Nazira liftda oltinchi qavatga ko`tarilishdi. Ayol Madina bilan quyuqqina ko`rishib, ularni kichkina xonaga boshladi. Hol-ahvol so`rashib bo`lgach, Madina uni dugonasi Nazira bilan bemalol gaplashib olishi uchun yolg`iz qoldirib, boshqa xonaga chiqib ketdi. Nazira ayolning oldida  o`zini noqulay his qilib, kelganiga afsuslana boshladi. “Shuncha folbin nima qilib berdi-yu, bunisi nima qilardi?” degan o`yda unga ishonchsizlik bilan tikildi.

– Nimaga keldingiz? – tilga kirdi Gavhar .

– Baxtimni ochdirish uchun, – javob berdi Nazira.

– Siz meni sinash uchun kelgansiz, menga ishonmayapsiz, – dedi Gavhar.

Nazira ayol uning o`ylarini sezib qolganidan, uyalib o`ng`aysiz ahvolga tushdi.

– Men faqat ixlos qilgan, menga ishonadigan odamlarnigina o`qiyman, baxtini ochaman. Birovning fikrini o`qish xislati menga ajdodlarimdan meros bo`lib qolgan. Ustozim Aziz qori degan odam bo`ladi. Uning dami judayam o`tkir. Aziz qori haqida eshitganmisiz? – gapida davom etdi Gavhar.

– Yo`q, eshitmaganman. Opajon, ishonmasam, ixlos qilmasam oldingizga kelarmidim? – dedi shosha-pisha xijolat bo`lgan Nazira.

Shundan keyin Gavhar oldida turgan arab imlosida yozilgan eski kitobni ochib, o`qiy boshladi. U o`qib, Naziraga dam solganidan keyin, unga o`zining telefon raqamlarini berdi.

– Mana uyimni ham bilib oldingiz, istagan paytingiz shu raqamlarga qo`ng`iroq qilib, kelaverishingiz mumkin, – dedi Gavhar.

– Rahmat, opa, – deb Nazira unga ataganini berdi-yu, dugonasi Madinani ham unutib, o`zini tashqariga urdi. “Shunday noyob xislatli ayolga ishonmay, uni xafa qilib qo`ydim. Odamlarning fikrini ham o`qirkan” deb o`ylab, ayolga nisbatan ishonchi ortdi.

Shundan keyin Nazira Gavharning oldiga serqatnov bo`lib qoldi. Bir kuni suhbat orasida u Gavharga onasining bemorligi, ukasining xotini ham kasal bo`lib, shifoxonadan beri kelmay qo`yganligi, ota-onasining ko`p janjallashishi haqida hasrat qildi. Gavhar unga “Kelgusi safar oilaviy suratlaringizni olib keling, fol ko`rib qo`yaman”  dedi. Nazira uyidagilarning rasmini ko`tarib, yana Gavharning huzuriga yo`l oldi.

– Ota-onangizning dushmanlari issiq-sovuq qilishgan ekan, siz pok odam bo`lganingiz uchun barcha yomonliklar sizga yopishgan. Otangizning oshqozoni bezovta qilarkan, onangiz esa erkakshoda ayol ekan...– deb Gavhar suratlarga qarab bashorat qila boshladi.

Uning bashoratlari to`g`ri chiqqanidan Nazira endi unga batamom ishona boshladi.

– Gavhar opa, yaxshi niyatlar bilan uy, mashina olaman deb 20.000 AQSh dollari yiqqandim. Orzuim qachon amalga osharkin? Aytib berolasizmi? – deb qiziqib so`radi Nazira.

– Agar yo`lingizni ochsam, uy ham, mashina ham olasiz. Boyvachcha yigitga ham turmushga chiqasiz, faqat buning uchun 1200 AQSh dollari olib kelishingiz kerak. Men pullarga dam solib, o`qib beraman. Ularni bir hafta yostig`ingiz tagiga qo`yib uxlasangiz, ishlaringiz yurishib, baxtingiz ochilib ketadi. Pulga o`qimasam, boyvachcha yigitni uchratmasligingiz mumkin, – deb uni ishontirdi Gavhar.

Uning bu gaplarini eshitgan Nazira hozir 1200 AQSh dollarini olib kelib bersa, ertaga turmushga chiqib ketadiganday, shoshilib yo`lga tushdi. Uyga borib, ayol aytgan miqdordagi pulni oldi-yu, zudlik bilan orqaga qaytib, pulni Gavharning qo`liga topshirdi. Gavhar pulni oldida turgan eskicha kitobning ichiga soldi.

– Xavotirlanmang, pullaringizga dam solib, o`qib qo`yaman. Bir haftadan keyin kelasiz.

Nazira ataganini uning oldiga tashladi va elkasidan tog` ag`darilganday,  uyi tomon yo`l oldi. Oradan bir hafta o`tgach, Gavhar unga “Keling, pullaringizni olib keting, o`qib bo`ldim” deb qo`ng`iroq qildi. Nazira hayajonlanib yo`lga otlandi. Shirin xayollarga berilib, atrofga qaramay, ko`chani kesib o`tayotganda uni mashina turtib ketdi. U Gavhar opa kutib qolmasin degan maqsadda unga qo`ng`iroq qilib, “Oldingizga borolmayman, mashina urib yubordi” deb bo`lgan voqeani aytib berdi. Buni eshitgan Gavhar “Amallab etib keling, bugun o`qimasam bo`lmaydi, sizni bekorga mashina urmagan, demak bergan pulingiz kamlik qilgan” deb uning yuragiga g`ulg`ula soldi.

– Gavhar opa, hozir 102 ga qo`ng`iroq qilgandim...

–Nima, 102 dagilar darrov uchib kelarmidi? Yana biror falokatga yo`liqmay desangiz tezda 5000 AQSh dollarini olib, zudlik bilan oldimga etib keling, – deb buyruq berdi Gavhar.

– Opa, ta`sir qilarmikan?

– Nimaga ta`sir qilmas ekan? Ustozim Aziz qori bilan etti kishi birga etti kecha-yu, etti kunduz dam solib, qaytarib beramiz.

Nazira Gavharning oldiga borishga ulgurmadi. Qicqa fursat ichida etib kelgan YHXB xodimlari uni kasalxonaga olib ketishdi. Nazira bir qancha vaqt sog`ligini tiklash bilan ovora bo`lib, Gavharning oldiga borolmadi. Gavhar bir necha marotaba “Qachon pulni olib kelasiz?” deb qo`ng`iroq qildi.

Nazira o`zini yaxshi his qila boshlagach, bayram bahona Gavharni tabriklash va va`da qilingan 5000 AQSh dollariga dam soldirish maqsadida uning oldiga yo`l oldi. Gavhar u olib kelgan pullarni odatdagiday eski kitobining orasiga soldi. Oradan ikki kun o`tgach, Naziraga qo`ng`iroq qildi.

– Nazira, ustozim Aziz qori bilan maslahatlashdim. Olib kelgan pulingiz sizga yopishgan balo-ofatlarni qaytarishga ojizlik qilarkan. Yana 5000 AQSh dollari olib kelmasangiz, ishlaringiz pachava, – dedi Gavhar vahimali tarzda.      

 Nazira yana 5000 AQSh dollarini qo`ltiqlab, Gavharning oldiga yo`l oldi.

– Aslida yana 10.000 AQSh dollari kerak edi. Ustozim “Mayli, 10.000 AQSh dollarini savob uchun o`zimdan qo`shib o`qib turaman” dedi, u juda bag`rikeng inson, – deb ustozini maqtab, Naziradan pulni olib qoldi.

Oradan taxminan uch-to`rt kun o`tgach, Gavhar yana Naziraga sim qoqdi:

– Nazira, ustozim yana 10.000 AQSh dollari olib kelmasa bo`lmaydi deyapti.

– Gavhar opa, axir ustozimning o`zi 10.000 AQSh dollari  qo`shib o`qiydi degandingiz-ku, – hayron bo`ldi Nazira.

– Men sizga ustozim juda mehribon va bag`rikeng inson degandim-u, u bor pulini yordam tariqasida bir nogiron odamning puliga qo`shib o`qiyapti ekan. Shuning uchun sizga pul qo`sholmas ekan. Onangizdanmi yo birortasidan qarz olib tura qoling. Pul topiladigan narsa, joningizni o`ylasangiz-chi, joningiz omon bo`lsa istaganingizcha pul topasiz, Naziraxon... – deb avradi Gavhar.

Nazira onasidan pul so`radi. Ammo onasi “Uy olaman deb emay-ichmay yiqqan 20.000 AQSh dollaringdan yarmini berib kelding, qolganini bermayman”, deb pul berishga unamadi.  Nazira bo`lgan voqeani Gavharga qo`ng`iroq qilib, aytib berdi. Gavhar shunda ham so`zidan qaytmay, “Meni onangiz bilan gaplashtiring, o`zim hammasini yotig`i bilan tushuntiraman” dedi. Nazira  go`shakni onasiga berdi. Gavhar bilan gaplashgan onasining rangi-quti o`chib, lom-mim demay, 10.000 AQSh dollarini qizining qo`liga tutqazdi. Nazira shu zahotiyoq pulni Gavharga etkazdi. Ammo Gavhar bu safar pulni kitobning ichiga emas, uyning burchagiga yashirdi.  

– Gavhar opa, pullarni qachon olib ketaman? – so`radi Nazira.

– Siz ularni bo`lib-bo`lib olib keldingiz, demak bo`lib-bo`lib olib ketasiz. Telefoningiz o`chib qolmasin, o`zim qo`ng`iroq qilaman,– dedi Gavhar.

Bir hafta vaqt o`tgach, Nazira Gavharga qo`ng`iroq qildi, ammo u “Yo`l kira sarflab ovora bo`lmang, hali o`qiyapmiz, qachon kelishingizni o`zim aytaman” deb javob berdi. Oradan bir oylar o`tgach, Nazira yana Gavharga qo`ng`iroq qilib, pullarini so`radi. Gavhar unga “Sizga kuchli issiq-sovuq qilingan ekan, qaytariq qilishimiz qiyin bo`lyapti. Nimaga menga ishonmayapsiz? Pulingizni qaytarib beraman, qochib ketayotganim yo`q. Uyimni bilsangiz, doim qo`ng`iroqlaringizga javob bersam”, deb bobillab berdi.

Oradan kunlar, haftalar, oylar o`tsa-da, Gavharning bahonalari tugamadi. Uning yolg`onlaridan toqati-toq bo`lgan Nazira oxiri yordam so`rab ichki ishlar idorasiga murojaat qildi. O`tkazilgan surushtiruvlar natijasida Gavhar yana dam solib, qaytaraman, deb fuqarolar — er-xotin H.larning 500 AQSh dollarini, Dilbar D.ning 7000 AQSh dollarini, Javhar U.ning 1000 AQSh dollarini, Halima G.ning 3.100.000 so`mlik tilla taqinchoqlarini olib, qaytarib bermaganligi aniqlandi.

Bu voqeani o`qigan o`quvchi voqealar biror chekka viloyatda ro`y bergan, pullarini dam solishga bergan odamlar ham sodda qishloq odamlari bo`lsa kerak, degan xayolga borishlari mumkin. Ming afsuski, barcha jabrdiydalar oliy ma`lumotli, ziyoli insonlar. Voqea ham chekka viloyatda emas, naq poytaxtdagi markaziy tumanlardan birida ro`y bergan. Oq-qoraning farqiga boradigan, o`qimishli insonlarning bir firibgar ayolning nayranglariga chuv tushib o`tirganiga nima deysiz? Bejizga sevimli shoirimiz — G`afur G`ulom: “Taqdirni qo`l bilan yaratur odam, g`oyibdan kelajak baxt bir afsona...” demagan.

 

Lola Shoimova

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1