Prezidentning farmon loyihasiga ko`ra, Xo`jand shahridan o`tgan magistral yo`lda harakatlanish bo`yicha Tojikiston hukumati bilan kelishuvga erishish choralari ko`riladi.
Prezidentning «O`zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni loyihasi e`lon qilindi.
Farmonga ilova qilingan uzoq xorij va qo`shni respublikalardan xorijiy ziyoratchi sayyohlarni qabul qilish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha «Yo`l xaritasi»ga muvofiq, 2021 yildan boshlab transport-logistika xizmatlarini yaxshilash hamda rivojlantirish choralari ko`riladi.
Xususan, o`zbek diasporasi istiqomat qiladigan qo`shni mamlakatlarning yirik shaharlari – O`sh, Jalolobod, Turkiston, Chimkent, Dushanbe, Xo`jand, Mozori-Sharifdan turizm salohiyati yuqori bo`lgan shaharlarga avtobus marshrutlarini yo`lga qo`yish bo`yicha muzokaralar o`tkaziladi.
Shuningdek, «O`sh-Toshkent» yo`nalishini amalga oshirish uchun Tojikistonning Xo`jand shahridan o`tgan magistral yo`lda harakatlanish bo`yicha Tojikiston hukumati bilan kelishuvga erishish choralari ko`riladi. Kelishuv natijasiga ko`ra, xalqaro muntazam avtobus yo`nalishi tashkil etilishi mumkin.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar 2021 yilda ishlab chiqilishi belgilangan. Ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Transport vazirligi va Tashqi ishlar vazirliklari mas`ul qilib belgilangan.






