2020 yilda davlat byudjetiga belgilangan 99,6 trillion so`m o`rniga 103,6 trln so`m qo`shimcha mablag`lar jalb qilindi. Bu haqda AOKAdagi brifingda Davlat soliq qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Mubin Mirzaev ma`lum qildi:
«2020 yilda davlat byudjetiga belgilangan 99,6 trillion so`m o`rniga 103,6 trillion so`m (4 trln so`mdan ortiq) qo`shimcha mablag`larni jalb qildik. Bu 2019 yildagi ko`rsatkichga nisbatan 24 foizga ko`proq.
2019 yilda 16,3 foiz yalpi ichki mahsulotga nisbatan soliq yiqqan bo`lsak, 2020 yilga kelib, bu ko`rsatkich 17,5 foizni tashkil etdi. Ya`ni biz soliq yukini kamaytirish orqali bunga erishdik.
Soliq ma`murchiligini yaxshilash, Prezidentimiz tomonidan belgilangan iqtisodiyotdagi islohotlarni amalga oshirish, Soliq konsepsiyasi va yangi soliq kodeksining qabul qilinishi mana shunday sifat o`zgarishlariga olib keldi.
Soliq organlarining transformasiya qilinishi natijasida to`lov intizomlari ham mustahkamlandi va davlat byudjetiga soliq tushumlarining 95 foizi ixtiyoriy ravishda undirildi».






