Deputat Doniyor G`aniev ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasida Energetika vaziri iste`fosini so`radi.
So`nggi yillarda mamlakatimizda ko`plab islohotlar amalga oshirib kelinmoqda, barcha muammolar birdaniga hal etilmagan bo`lsa-da, sekin-asta bartaraf etib borilmoqda. Misol uchun, bir necha yillar avval plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish katta muammo bo`lgan bo`lsa, hozir buni muammo deb bo`lmaydi yoki konvertasiya, ya`ni valyuta ayriboshlash, onlayn davlat xizmatlarini joriy etilishi, OVIR, propiska tizimlarini isloh qilinishi, bank tizimi islohotlari.... sanasak etarlicha davom etishimiz mumkin. Lekin...
Bugun O`zbekiston bo`ylab energiya inqirozi kechmoqda. Aynan o`ta og`ir kechgan 2020 yildan so`ng, har yilgidanda sovuq kelgan qish mavsumida energiya inqirozi barchani qiynamoqda! Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta`sir o`tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o`zgarishlarni “yuvib yuboryabdi”.
Endi o`ylab ko`ring, sovuq qish, katta oila, na gaz, na elektr bor! Oilaning keksa insonlari yoki chaqaloqlar sovuqdan qaltirab o`tirsa, oilaning yoshlari har qancha urinmasin uyini isitishga, ularni farovon hayotini ta`minlashga imkoniyati bo`lmasa, bunday odamlarga islohotlarning nima keragi bor? Bu odamlar uchun har qanday islohotlar, har qanday qonunlar, qo`pol qilib aytganda, “1 tiyin”!!! ULAR SOVUQDAN QIYNALIShMOQDA. Bunday holatda ularga faqat bir narsa kerak, ENERGIYa TA`MINOTI!
Shu kunlarda menga saylov okrugimdan bo`layotgan har 10 ta murojaatdan 9 tasi aynan elektr va gaz muammosi to`g`risida bo`lmoqda. Murojaatlar bo`yicha shahar, viloyat, respublika mutasaddilari kimni ayblashni bilmaydi, bir-biriga soladi! Eng oxirgi javob esa, qaerdadir avariya bo`lgan va yaqin kunlarda hammasi yaxshi bo`ladi, degan va`da bilan cheklaniladi!
Energetika vazirligi esa 30 yildan beri sohaga investisiya kiritilmaganligi haqida dardini doston qiladi. Unday bo`lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo`yicha Energetika sohasiga yo`naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd.dollar mablag`lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?
Misol uchun umumiy qiymati 1.2mlrd. dollar bo`lgan Namangandagi To`raqo`rg`on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta`minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To`raqo`rg`on IESi o`tgan yili ishga tushgan bo`lsa-da, vodiyda elektr ta`minotida ijobiy o`zgarish bo`lmadi-ku?!
To`g`ri, men bu sohaning mutaxassisi emasman, ehtimol, tushunmasman. Lekin nahot oxirgi 4 yil davomida sohada sezilarli ijobiy o`zgarish qilib bo`lmasa? Aholining talabi kundan-kunga o`sib bormoqda, nima uchun yil davomida shunga qarab harakat qilmaymiz? Elektron hukumat, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot deymiz, lekin energiya bo`lmasa bulardan nima naf? Qaysi islohot effekt beradi bu holatda? Bunday holat oldimizdagi saylov yilida ro`y berishini qanday tushunish mumkin? Yoki bu davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga qarshi atay uyushtirilayotgan “sabotaj”mi?
Savollar ko`p, javob esa ko`pdan beri yo`q ... Savollarga javob bera olmayotgan rahbarlar esa, doimgidek jim.
Aslida, bu holatga biz deputatlar ham qisman aybdormiz, chunki Energetika vazirligining rahbariyatini o`zimiz tasdiqlab berganmiz. Mamlakatdagi bu holatda energiya inqirozi yuz berishiga sabab bo`lgan rahbarlar iste`fosi eng to`g`ri yo`l bo`ladi. Aslida demokratik davlatlarda bunday inqirozlar ortidan rahbarlar o`z ixtiyori bilan iste`fo beradi. Lekin bunday qila olish uchun esa, birinchi navbatda, rahbarda oriyat bo`lishi kerak. Bizning energetika soha rahbarlarida esa energetika ta`minoti kabi oriyat hissi ham “inqirozda”.