"Instagram" va "Telegram" ijtimoiy tarmoqlarida metroda harakatlanayotgan o`spirin, metro vagonning yuqoridagi ushlagichlariga oyoqlari bilan osilib turib, g`alati ovoz bilan baqiryotgani tasvirlangan video tarqatilmoqda.
"O`zbekiston temir yo`llari" AJ Axborot xizmatining xabar berishicha, tergov jarayonida o`zini bloger deb bilganlar, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 105-maktabining voyaga etmagan, 2005 yilda tug`ilgan A.A. va T.U. o`quvchilari ekanligi hamda ular ushbu harakatni Instagram ijtimoiy tarmog`idagi shaxsiy sahifasini rivojlantirish va obunachilar sonini ko`paytirish maqsadida amalga oshirganlari aniqlandi.
O`smirlar bilan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasi Metropolitendagi xavfsizlik boshqarmasi vakillari, Poytaxt metropoliteni ma`muriyati, shuningdek, 105-maktab ma`muriyati va o`quvchilarning ota-onalari ishtirokida tushuntirish suhbati o`tkazildi. Mazkur holat bo`yicha ish qo`shimcha ko`rib chiqish maqsadida hududiy (yashash joyidagi) voyaga etmaganlar bilan ishlaydigan bo`limiga o`tkazildi.
Qayd etish lozim, ushbu harakatlar huquqbuzarlik hisoblanadi va O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy kodeksining115-moddasiga binoan chora ko`riladi.
Bundan tashqari, o`smirlar O`zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo`yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davridabelgilangan maska rejimiga rioya qilmay belgilangan qoidalarni buzganli uchun ham javobga tortiladi.
Metropoliten rahbariyati yo`lovchilarni ogohlikka chaqirib, metro xizmatlaridan foydalanish qoidalariga qattiy rioya qilishingizni, shu bilan birga yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash va o`z sog`lig`ingizga e`tiborli bo`lishingizni so`raydi.