Javohir Sindorov — bu ism-sharifni juda ko`pchilik eshitgan bo`lishi mumkin. Javohir 12 yosh 10 oy 8 kunlik vaqtida uchinchi grossmeysterlik talabini bajarib, 2018 yilda dunyo shaxmati tarixida ikkinchi eng yosh xalqaro grossmeysterga aylangandi.
Javohir Sindorov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda mamlakat shaxmat federasiyasining e`tiborsizligi, faoliyatini erta yakunlagan shaxmatchilar va federasiyani almashtirish masalasi haqida so`z yuritdi.
"Professional shaxmatchi yiliga kamida 9 yoki 10 ta xalqaro musobaqada ishtirok etishi kerak bo`ladi. Buning bir yoki ikkitasi O`zbekistonda bo`lishi mumkin, qolgan barcha musobaqalar chet elda bo`lib o`tadi. Grossmeysterlik unvonini qo`lga kiritish uchun yiliga 9-10 ta chet el musobaqalarida qatnashishga to`g`ri kelgan. Bunga ketadigan xarajatning barchasi oilam tomonidan qoplangan. O`zbekiston shaxmat federasiyasi tomonidan menga hech qanday moddiy yordam berilmagan.
Rekordni yangilaganimdan keyin ham shaxmat federasiyasi tomonidan hech qanday e`tibor bo`lmadi. Ular faqatgina federasiya rasmiy saytida meni tabriklash bilan cheklandi.
Grossmeysterlik unvonini qo`lga kiritganimda bir oy o`tar-o`tmas olti kishidan iborat O`zbekiston shaxmat terma jamoasi bilan 16 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasidagi butunjahon shaxmat Olimpiadaga bordik. U erda kuchli raqiblardan ustun kelgan holda, O`zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada chempionligini qo`lga kiritdik. Bizni Toshkentda tantanali ravishda kutib olishdi. Keyinroq qatnashchilarga Prezident sovg`asi — avtomobillar topshirildi. Lekin men va jamoadoshim Sitora Saparova hatto taqdirlash marosimiga chaqirilmadik ham, qolgan qatnashchilarning barchasiga avtomobil sovg`a qilindi. Federasiya nima uchun biz ikkimiz marosimga chaqirilmaganimizni izohsiz" deydi u.
Shuningdek yosh grossmeyster unga nisbatan bo`lgan taqiqlar haqida xam gapirdi:
"2019 yilda Yoshlar Ittifoqi ko`magida Sindorov Javohir Kubogi musobaqasini tashkil qildik. Unda qo`shni mamlakatlardan ham yosh shaxmatchilar kelib ishtirok etdi. Lekin negadir, ayrim tengdoshlarim bu musobaqada qatnasha olmadi. Keyinchalik surishtirsak, shaxmat federasiyasi tomonidan og`zaki taqiq qo`yilgan ekan.
Albatta, chet el federasiyalaridan qator takliflar kelgan. Biroq men O`zbekiston o`g`loni sifatida o`z yurtimni himoya qilgim keladi. Agar shaxmat federasiya tomonidan bunday to`sqinliklar bo`laversa, u holda Gulruhbegim Tohirjonova singari federasiyamni almashtirishimga to`g`ri keladi. Ammo men buni xohlamayman. Shunchaki bizga ham ozgina e`tibor berilishini istaymiz.
Misol uchun Hindiston federasiyasi oddiygina Open musobaqasiga 70 nafar shaxmatchisini barcha xarajatlarni qoplagan holda yubordi. Bu erda esa tug`ishgan ukam Islombek Sindorov olti karra Osiyo chempioni, ikki karra Jahon chempioni bo`lishiga qaramay mana shu e`tiborsizlik sabab faoliyatini muddatidan avval yakunladi"