“Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga ko`ra, 2021 yil 1 martdan ta`lim sifati past maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o`qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Bunda:
● bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
● boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to`lanadi.
Ta`lim sifati past maktablar ro`yxati Xalq ta`limi vazirligi hamda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadi va joriy yilda 15 fevralgacha, kelgusi yillarda esa har yili 1 sentyabrga qadar Xalq ta`limi vazirligi veb-saytida e`lon qilinadi.
Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o`qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta`lim sifati past maktablar ro`yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to`lanadi.
Olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida bo`sh ish o`rinlari yuzasidan ma`lumotlar har oy yakuni bo`yicha keyingi oyning 5-kuniga qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari veb-saytlarida joylashtirib boriladi.






