AsosiyJamiyat

Sobiq IIV xodimasi 8 yildan so`ng lavozimiga tiklandi

'Sobiq IIV xodimasi 8 yildan so`ng lavozimiga tiklandi'ning rasmi

Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi. 

Keltirilishicha, Xurshida Jalilova 2020 yilning avgust oyida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) ga murojaat qilib, nohaq ishdan bo`shatilganini bildirgan.

X.Jalilova 2000-2012 yillar mobaynida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Biroq 2012 yilda o`tkazilgan xizmat tekshiruvida uning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emasligi xulosa qilinib ishdan bo`shatilgan. Shundan so`ng, X.Jalilova 8 yil mobaynida ishga tiklanish bo`yicha ko`plab davlat idoralariga qayta va qayta murojaat qiladi. Uzoq urinishlar natijasida 2020 yilning mart oyida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atining ajrimiga muvofiq, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi g`ayriqonuniy deb topilib, X.Jalilovani Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo`limi katta tergovchisi lavozimiga tiklanishi belgilandi.

Lekin Oliy sud qarorining ijrosi o`z vaqtida ta`minlanmadi. Shundan so`ng, sobiq IIV xodimasi Ombudsmanga murojaat qiladi. Vakil tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida aniqlanishicha, Oliy sud qarori da`vogarning Qirg`iziston Respublikasida fuqaroligi bor yoki yo`qligi aniqlanayotgani vaji bilan ijro qilinmagan. Masalani hal etish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili Qirg`iziston Ombudsmeniga murojaat qilib, X.Jalilovaning fuqaroligiga aniqlik kiritdi. Shundan so`ng, to`plangan ma`lumotlar asosida ishga tiklash bo`yicha vakil xulosasi O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga yuborildi.

Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 8 yanvardagi javob xatiga muvofiq, X.Jalilova bor maxsus unvoni bilan IIV kadrlar safiga qo`shilib, oradagi uzilish davrini xizmat muddatiga qo`shgan holda xizmatga tiklangan, deyiladi xabarda. 

 

    Boshqa yangiliklar