Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi tomonidan Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo`llagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, “Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o`rni va mavqeini yanada oshirishning muhim masalalari” mavzusida davra suhbati o`tkazildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Xabarda aytilishicha, ushbu tadbir Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi hamda Inson huquqlari milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Tadbirda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari A.Saidov ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, Prezidentimiz Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqlarida ham ayollarga o`zgacha bir ishonch va samimiyat bilan “Ayollarimiz hayotiy muammolarni, oila va mahalladagi o`tkir masalalarni, ularni bartaraf etish yo`llarini, jamiyatning tomir urishini boshqalardan ko`ra yaxshiroq biladilar. Ular o`zlarining mehribonligi, yuksak mas`uliyat tuyg`usi, mehnatsevarligi bilan barchaga o`rnak bo`la oladilar. Biz davlat va jamiyat boshqaruvida, vazirlik va idoralarda chuqur bilim va malakaga ega bo`lgan tashabbuskor opa-singillarimizga rahbarlik lavozimlarini ishonib topshirish bo`yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz” degan edilar.
Bugun respublikamiz davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borishmoqda. Ularning ulushi sog`liqni saqlash va ijtimoiy xizmat sohasida 82 foizni, ilm-fan, ta`lim-tarbiya, madaniyat va san`at sohasida 72 foizni, qishloq xo`jaligida 45 foizni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, davlatimiz rahbari xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, jamiyatda oila va ijtimoiy muhitni yaxshilash masalasiga alohida e`tibor qaratmoqda. Chunki hali xotin-qizlarni o`ylantirib kelayotgan muammolar, ularning sabablari to`liq bartaraf etilgani yo`q.
Ma`lumki, Xotin-qizlarni o`ylantirayotgan eng asosiy muammolardan biri ularning bandligini ta`minlashdir. Muammolarning ko`pi ham shu masalaga bog`liq bo`lib qolmoqda. O`zbekistonda 1 million atrofida ishsiz ayol bor, bunga doimiy ish o`rniga ega bo`lmagan, mavsumiy ishlarda band ayollar qo`shilsa, ularning soni 2-2,5 millionni tashkil qiladi. Og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolg`iz onalarni uy-joy bilan ta`minlash masalalari ham bugungi kundagi og`riqli muammolardan biridir. Ammo ko`plab ayollarimiz mana shunday og`riqli dardlarini kimga, qaerga aytishini, kimdan yordam olishini har doim ham bilavermaydi.
Mamlakatimizda ayolga bo`lgan munosabat o`z tarixiy ildizlariga ega, ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo`lishga da`vat etishgan. Respublikamiz BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllarini yo`q qilish haqidagi konvensiyasi, Xalqaro mehnat tashkilotining Onalikni muhofaza qilish to`g`risidagi, Mehnat va mashg`ulotlar sohasidagi kamsitishlar to`g`risidagi konvensiyalariga MDH davlatlari orasidan birinchilar qatorida qo`shildi.
Mamlakatimizda nafaqat mustahkam huquqiy zamin, balki samarali institusional baza ham shakllantirildi. Ayollar, oila masalalari parlament darajasida muhokama qilinadigan bo`ldi. Senatda alohida qo`mita, Qonunchilik palatasida esa Oila va ayollar masalalari komissiyasi faoliyati yo`lga qo`yildi. Gender tenglikni ta`minlash bo`yicha respublika Komissiyasi o`z faoliyatini olib bormoqda.
Davra suhbatida ishtirokchilar xotin-qizlar masalalari bilan shug`ullanadigan, ularga har tomonlama yordam ko`rsatib, qo`llab-quvvatlaydigan, chuqur tahlil yuritadigan yaxlit tizim yaratish ehtiyoji sezilayotganligini muhokama qildilar hamda xotin-qizlar masalalari bo`yicha agentlik tashkil etish masalasini o`ylab ko`rish lozimligi ta`kidlandi.
Shuningdek, barcha darajadagi davlat va jamoat tashkilotlarida salohiyatli, bilimli, malakali ayollarni rahbarlik vazifasiga tayinlash bo`yicha kvotalash tartibini kiritish taklifi ham maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.






