AsosiyJamiyat

Coca-cola’ning davlat ulushi sotilishi bo`yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi izoh berdi

'Coca-cola’ning davlat ulushi sotilishi bo`yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi izoh berdi'ning rasmi

“Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini savdolarga chiqarilishi bo`yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining bayonoti e`lon qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”  

PF–6096-son Farmonining 3-ilovasiga hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 iyuldagi 324-f-son farmoyishiga asosan “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ (keyingi o`rinlarda - Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirishdan oldin tayyorlash orqali sotish belgilangan.

Kompaniyadagi davlat ulushini sotishni xalqaro amaliyot qoidalariga muvofiq, shaffof tarzda tashkil etish maqsadida, “Rothschild & Co” investisiya banki moliyaviy maslahatchi sifatida, “Dentons” yuridik firmasi yuridik maslahatchi sifatida tanlab olingan. Shuningdek, Kompaniyaning moliyaviy va soliq masalalarini o`rganish uchun “KPMG” xalqaro kompaniyasi jalb qilingan.

Qayd etish joizki, Kompaniyadagi davlat ulushini savdoga chiqarish uchun belgilangan talablar Kompaniya faoliyatini tartibga soluvchi ta`sis hujjatlari va boshqa ichki me`yoriy hujjatlar talablarini, kompaniya faoliyatining o`ziga xos jihatlarini inobatga olishni taqozo etgan.

Shunga ko`ra hamda O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, kompaniyadagi davlat ulushini oshkora sotuv mexanizmi asosida savdoga chiqarish bo`yicha Davlat tender komissiyasining 2020 yil 15 dekabrdagi 5-son qarori qabul qilingan.

Kompaniyadagi davlat ulushini oshkora sotuv mexanizmi orqali savdoga chiqarish bo`yicha hujjatlar Qo`mita tomonidan o`rganib chiqilgan.

Avval chop etilgan e`longa muvofiq, bugungi kunda oshkora sotuv mexanizmining birinchi bosqichida kompaniyadagi davlat ulushini sotib olish bo`yicha ko`plab talabgorlardan takliflar kelib tushgan bo`lib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.  

O`z navbatida, O`zbekiston Respublikasining “Raqobat to`g`risida”gi Qonuni talablariga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi vakolati doirasida savdo jarayonlarini ochiq va shaffof o`tkazilishi tarafdori ekanligini hamda bu jarayonlarda qonunchilik talablari asosida harakatlarni amalga oshirayotganligini bildiradi.

    Boshqa yangiliklar