AsosiyJamiyat

YHQ buzilishiga doir ma`muriy ishlarni ko`rib chiqish tartibi o`zgartirildi

'YHQ buzilishiga doir ma`muriy ishlarni ko`rib chiqish tartibi o`zgartirildi'ning rasmi

Ichki ishlar vazirining buyrug`i bilan Yo`l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma`muriy ishlarni ko`rib chiqish tartibi to`g`risidagi yo`riqnomaga o`zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Norma yozmoqda. 

Vazirlar Mahkamasining 24.06.2020 yildagi «Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi 407-son qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Yo`l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma`muriy ishlarni ko`rib chiqish tartibi to`g`risidagi yo`riqnomaga quyidagi qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi.   

36-bandning 2-xatboshisi chiqarib tashlandi. Unda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 1351-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda transport vositasini majburiy sug`urtalash sug`urta polisining nusxasini taqdim etish lozimligi qayd etilgan edi.   

Amaldagi Yo`riqnoma 451-band bilan to`ldirildi, unga muvofiq quyidagi hollarda sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb hisoblanadi:  tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan Qoidalarga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo`lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda; tezkor va maxsus xizmatlarning ko`k yoki qizil yoxud ko`k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga ularning to`siqsiz o`tib ketishi uchun yo`l bergan transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar foto va video qayd etishning maxsus avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilganda. 

Qoidabuzarlik mazkur bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatda sodir etilganligi fakti tegishli hududdagi Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi tomonidan aniqlanadi. Shuningdek mazkur holatda sodir etilgan qoidabuzarlik yuzasidan jarima solish to`g`risidagi qarorning nusxasi yoki SMS-xabar yuborilgan taqdirda, transport vositasi haydovchisi ushbu qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay qoidabuzarlik sodir etilgan hududdagi Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasini yozma yoki og`zaki shaklda xabardor etishi lozim.     

Yo`riqnomaga boshqa o`zgartirishlar ham kiritilgan. Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 6.01.2021 yildan kuchga kirdi. 

    Boshqa yangiliklar