AsosiyJamiyat

Nukusda murakkab miya o`simtasi operasiya yo`li bilan olib tashlandi

'Nukusda murakkab miya o`simtasi operasiya  yo`li bilan olib tashlandi'ning rasmi

Qoraqalpog`istonda murakkab operasiya muvaffaqiyatli o`tkazildi. Bu haqda Sog`liqni Saqlash Vazirligi xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi  Nukus filiali Neyroxirurgiya bo`limida markaziy va periferik asab tizimi jarohatlari va kasalliklari davolanib, hudud aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatib kelinmoqda.  

Bemorlarga aniq va erta tashxis qo`yish uchun zamonaviy EXO-ES, rentgen, kompyuter tomografiya va boshqa instrumental tekshiruv uskunalari bilan taminlangan.  

Bo`limda shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj markaziy va periferik asab tizimi jarohatlaridan tashqari bosh miya va orqa miya o`simtalari bilan ham bemorlar davolanmoqda.

Bunga misol tariqasida 2002 yil tug`ilgan G. G. ismli bemor har ikki oyoqlarida sezishning umuman yo`qolganligi bilan tez yordam mashinasida olib kelindi.

Bemorning aytishi bo`yicha kasallik 2 oy oldin boshlangan, “shamolladim” deb ambulator sharoitda davolanib yurgan. So`nggi kunlari yuqoridagi holatlar paydo bo`lganligi bois tez yordam mashinasi bilan mazkur filialga olib kelingan.

Bemor neyroxirurglar tomonidan tekshiruvdan o`tkazilganida: epigastral sohadan pastda sezuvchanlikning pasayishi (gipoesteziya) va yo`qolishi (anesteziya), oyoqlarda harakatning umuman yo`qligi (pastgi paraplegiya), tizza, axill reflekslarning umumiy chaqirilmasligi aniqlandi.  

Umurtqaning ko`krak qafasi MRTda tekshirilganda ko`krak umurtqasining to`g`risida orqa miyaning ekstramedulyar o`simtasi borligi, o`simtaning orqa miyani siqib turgani ma`lum bo`ldi.  

Bemor muassasa direktori, tibbiyot fanlari nomzodi S. Begaliev tomonidan ko`rilib, zudlik bilan jarrohlik yo`li bilan davolash amalga oshirildi. Bemorning barcha qon tahlillari olinib, orqa miyaning ekstramedulyar o`simtasi operasiya  yo`li bilan olib tashlandi.

Bemorda operasiyadan keyin nevrologik statusida regress paydo bo`lib, bir kundan so`ng oyoqlarda sezuvchanlikning boshlanishi va harakatning paydo bo`lish belgilari yuzaga keldi. Shunday qilib, operasiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Tibbiy muassasalarni zamonaviy tibbiy diagnostika asbob-uskunalari bilan ta`minlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash bemorlarga tez va aniq tashxis qo`yishda muhim ahamiyatga ega bo`lib, bemorlarning tezroq oyoqqa turishida, sog`ligining tiklanishida o`z samarasini bermoqda.

    Boshqa yangiliklar