Xabaringiz bor, Respublika Maxsus komissiyasi bayoniga muvofiq, 2020 yil 25 dekabrdan e`tiboran yurtimizga koronavirus va yangi shtammi kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish maqsadida koronavirus infeksiyasi antigenini aniqlash uchun xorijdan mamlakatimizga kelayotgan shaxslardan ekspress test olish majburiy tartibda amalga oshirilmoqda.
Maxsus komissiya ko`rsatmasi bo`yicha aeroportdan uchib ketish vaqtida PZR testi, O`zbekistonga uchib kelganda esa antigen ekspress testini olish tartibi o`rnatildi.
Avvalroq, 2020 yilning 25 dekabr kunida 2021 yilning 3 yanvar kuniga qadar O`zbekistonga dunyoning 12 davlatidan 12 mingdan ziyod yo`lovchi kirib kelib, shulardan 21 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani xabar qilingan edi. Ayni paytda “Uzbekistan Airports” AJ Axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yil 25 dekabrdan 2021 yil 13 yanvarga qadar Toshkent aeroportida 26 mingdan ziyod yo`lovchidan antigen ekspress testi olingan. Shu kungacha koronavirus aniqlangan 43 yo`lovchi shifoxonalarga joylashtirilgan.
Ta`kidlanishicha, yo`lovchilarda PZR testining manfiy natijasi to`g`risidagi tahlil natijalari mavjudligidan qat`iy nazar, ular o`z hisobidan xalqaro aeroportlarimizning chegara punkti hududida ekspress test topshirishlari zarur.
Toshkent xalqaro aeroportida ham ekspress test olish jarayonlari “Tibbiyot dunyosi” MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ekspress test narxlari mazkur tashkilot o`rnatgan ta`riflarga binoan 2020 yil 25-28 dekabrga qadar 150 ming so`m, 28 dekabrdan boshlab 95 ming so`m, talabalar uchun 50 ming so`m miqdorida to`lov belgilangan.
Ekspress testning tahlil natijalari 15 daqiqa mobaynida pasportlarga shtrix kodlarini qo`yish orqali ma`lum qilinadi.
Ko`p o`rinli samolyotlarni kutib olishda tirbandlikning oldini olish uchun yo`lovchilar oqimini terminalning 5 ta joyidagi test olish tibbiyot qismlariga yo`naltirish tashkil qilingan.
Fuqarolar parvozdan bir necha kun avval PZR testini topshirish bo`yicha buyurtma berishlari ham mumkin.
Aeroportning birgina uchib kelish zalida 4 ta bankomat va 2 ta valyuta ayirboshlash shaxobchalari mavjud.
Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida har 15-20 daqiqada ijtimoiy masofani saqlash va pandemiya qoidalariga amal qilish bo`yicha davomiy ovozli eslatmalar 3 tilda e`lon qilib boriladi.
Aeroport xodimlari tomonidan fuqarolarning tirbandlikni hosil qilmasliklariga e`tibor qaratilib, zarur tavsiyalar berib boriladi, deyiladi xabarda.






