Bugun AOKAda O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi.
Ma`lum bo`lishicha, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo`yicha vakilga 2020 yilda tadbirkorlik sub`ektlaridan 5 031ta murojaat kelib tushdi, yil yakuniga qadar ularning 4 401tasi ko`rib chiqilgan.
Ko`rib chiqilgan murojaatlarning 1 697 tasi (39 foizi) ijobiy hal etilgan bo`lsa, 2 704 tasi bo`yicha tadbirkorlarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Murojaatlar xususiyatlari bo`yicha tahlil etilganda, ularning asosiy qismi, ya`ni 21 foizi er-bino ajratilishi, olib qo`yilishi, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingan er maydoni, bino-inshootlar uchun kompensasiya to`lovlarini undirishga oid, 13 foizi kredit ajratish, muddatini uzaytirish, imtiyozlar qo`llashga oid, 9,2 foizi soliqqa oid, 9,1 foizi sud qarorlari va ularning ijro etilishiga oid.
Tadbirkorlar manfaatlarida 1 574 ta ta`sir chorasi qo`llanilib, shundan davlat organlari va tashkilotlariga 256 ta taqdimnoma, 113 ta ogohnoma, 48 ta xulosa kiritilgan, aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 978 nafar mansabdor va mas`ul shaxslarga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi.






