Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeks 175-modda bilan to`ldirildi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.
Unga muvofiq:
➖ davlat xaridlari rejalarini, shu jumladan reja-jadvallarini shakllantirish va joylashtirish tartibi bo`yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik, davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat xaridlarini amalga oshirish chog`ida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari bo`yicha e`lonlar joylashtirish tartibini, majburiy muhokama o`tkazish tartibi va muddatlarini hamda davlat xaridi natijalarini joylashtirish muddatlarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 115 ming so`mdan 2 mln 230 ming so`mgacha) miqdorda;
➖ davlat xaridlari to`g`risidagi e`lonlarga va xarid hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklovchi axborotni, havolalar va talablarni kiritish, xarid hujjatlarini tasdiqlash hamda buyurtmalarni shakllantirish tartiblarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (2 mln 230 ming so`mdan 3 mln 345 ming so`mgacha) miqdorda;
➖ tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni etkazib beruvchilarni tender o`tkazish yo`li bilan aniqlash talablarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 345 ming so`mdan 4 mln 460 ming so`mgacha) miqdorda;
➖ davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar to`qnashuvi haqida davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 460 ming so`mdan 6 mln 690 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
▫️Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






