“Er uchastkalarini noqonuniy olib qo`yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–667-son, 14.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi va Jinoyat kodekslariga qo`shimchalar kiritildi.
Xususan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan qo`shimchalarga ko`ra, erni noqonuniy olib qo`yish mansabdor shaxslarga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (22 mln 300 ming so`mdan 33 mln 450 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Agar mazkur huquqbuzarlik mulkdorga etkazilgan zararning o`rni oldindan va to`liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (33 mln 450 ming so`mdan 44 mln 600 ming so`mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.
Jinoyat kodeksiga ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin takroran erlarni noqonuniy olib qo`ygan mansabdor shaxslarga quyidagi jazo choralarini belgilovchi qo`shimcha kiritildi:
BHMning 200 baravaridan 250 baravarigacha (44 mln 600 ming so`mdan 55 mln 750 ming so`mgacha) miqdorda jarima;
- 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.
Mazkur jinoyat mulkdorga etkazilgan zararning o`rni oldindan va to`liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa yoki ancha miqdorda zarar etkazgan holda sodir etilsa mansabdor shaxs 3 yilgacha, ko`p miqdorda zarar keltirsa 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Erni noqonuniy olib qo`yish mulkdorga juda ko`p miqdorda zarar etkazsa yoki ko`pchilik uchun xavfli bo`lgan usulda sodir etilsa, muayyan huquqdan mahrum etib 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.






