Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev viloyatlar qishloq xo`jaligi boshqarmalari rahbarlari hamda mutasaddi vakillar ishtirokida o`tkazgan seminarda qishloq xo`jaligini transformasiya qilish asosida xizmat ko`rsatish tarmog`ini rivojlantirish hamda sohada bilim va innovasiyalar tizimi (AKIS)ni joriy etish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni tahlil qildi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar qildi.
Seminar Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi «Bog`bon» agrokompleksida tashkil etilib, “In vitro” laboratoriyasi misolida agroxizmatlar faoliyati o`rganildi.
Uchrashuv davomida 2021 yilda sohada amalga oshiriladigan loyihalar ishiga to`xtalib, aniq vazifalar belgilab olindi. Jumladan, qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar tizimini rivojlantirish, tizimning 3 ta asosiy yo`nalishidagi muhim jihatlarga to`xtalib o`tildi.
- “Joriy yilda oldimizga qo`ygan eng muhim vazifa har bir erdan foydalanuvchi uchun “yagona darcha” tamoyili asosida yuzdan ortiq xizmatlarni yo`lga qo`yishga qaratilgan, deya ta`kidladi vazir J.Xodjaev. Ilm-fan yutuqlari asosida milliy agroxizmatlar tarmog`ini yo`lga qo`yib, uni rivojlantiramiz. Xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda qishloq xo`jaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo`yicha yangi tizim joriy etiladi. Yangi markazlar butun respublikaning eng chekka hududlarigacha sohada faoliyatni to`g`ri yo`lga qo`yishga yordam beradi. Bu borada “raqamli agroxizmatlar” axborot tizimi ishlab chiqiladi. Zamonaviy agroxizmatlar ko`rsatishni kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini keng joriy etamiz”.
Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar tizimining 3 ta asosiy yo`nalishlari - mehnat bozori kon`yunkturasi o`zgarishiga mos holda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan agrar ta`lim tizimini takomillashtirish, agrosanoat majmuidagi ilmiy muassasalarining ilmiy va innovasion faoliyatini yanada rivojlantirish, agroxizmatlar tarmog`ini rivojlantirishdan iborat.
Mazkur tizimning joriy etilishi natijasida:
- ilm-fan yutuqlari asosida milliy agroxizmatlar tarmog`i yo`lga qo`yiladi va rivojlantiriladi;
- hududlarda agrosanoat majmuiga kiruvchi davlat, xo`jalik va xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlarning yuzdan ortiq xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida agroxizmatlar markazlari orqali tashkil etiladi;
- Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida agroxizmatlarni muvofiqlashtiruvchi markaz faoliyati yo`lga qo`yiladi;
- zamonaviy agroxizmatlar ko`rsatishni kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlari keng joriy etiladi;
- agroxizmatlar ko`rsatishni takomillashtirish maqsadida “raqamli agroxizmatlar” axborot tizimi ishlab chiqiladi;
- qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksportini yanada rivojlantirish maqsadida ”daladan iste`molgacha” tamoyili asosida xalqaro sifat standart va sertifikatlari joriy etiladi;
- agroxizmatlar tarmog`ini rivojlantirish uchun Xalqaro ekspertlar kengashi (International Expert Board) tashkil etiladi, deyiladi xabarda
