Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida yosh shaxmatchilar va Shaxmat federasiyasi o`rtasidagi turli nizoli holatlar uchrab turgandi. O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ushbu holatni o`rganib, rasmiy bayonot bilan chiqdi.
“O`zbekistonlik eng iqtidorli shaxmatchi qizlardan bo`lmish Gulruhbegim Tohirjonova 2020-yildan boshlab xalqaro musobaqalarda AQSh nomidan ishtirok etishga qaror qilganligi, o`z navbatida dunyoning eng yosh grossmeysterlaridan biri, turli yosh toifalarida 6 karra jahon chempioni Javohir Sindorovning daryo.uz saytida O`zbekiston shaxmat federasiyasi tomonidan shaxmatchilarga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o`zgarmasa, o`z federasiyasini almashtirishi mumkinligi haqida bergan intervyusi ham juda ko`plab yurtdoshlarimizning eʼtirozlariga sabab bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi sanaladi. Shu sababli O`zbekiston shaxmat federasiyasi hamda mamlakatimizning eng iqtidorli shaxmatchilari o`rtasida yuzaga kelayotgan ushbu muammoli vaziyatga befarq qarab turmaymiz.
Shu maqsadda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati mavjud vaziyatni xolisona o`rganish va muammoga adolatli echim topish maqsadida G.Tohirjonovaning otasi Alisher Mo`minov bilan uchrashdi. Unda Gulruhbegimning bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo`lganligi, isteʼdodli shaxmatchi O`zbekiston terma jamoasiga qaytarilishi, xalqaro maydonlarda jonajon Vatanimiz bayrog`ini himoya qilishga tayyorligi kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Shuningdek, yosh va umidli shaxmatchimiz J.Sindorovning bobosi Komil Sindorov va yana bir qancha shaxmat mutasaddilari bilan uchrashuvlar o`tkazilib, ularning dardi tinglandi. Shaxmatchilarning oilasi va O`zbekiston shaxmat federasiyasi bilan o`zaro munosabatlari o`rganildi” deyilati vazirlik bayonotida.