Ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik bolaning hokimlarga ta`mirtalab ko`prikni to`g`rilab qo`yishni so`rab yo`llagan murojaati e`lon qilindi. Videodagi suhbatdan ayon bo`lishicha, voqea Asaka shahrining Amir Temur ko`chasida joylashgan ko`prik ustida tasvirga olingan.
«Daryo» muxbiri Asaka shahrida bo`lib, mutasaddilar bilan shu masalada suhbatlashdi.

Ma`lum qilinishicha, ko`prik Asaka shahrining Amir Temur ko`chasidagi 4K105 Asaka—Qayrag`och—Niyozbotir avtomobil yo`lida joylashgan bo`lib, Jahon banki guruhi huzuridagi Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasi ishtirokidagi «Mahalliy ahamiyatdagi mintaqaviy avtomobil yo`llarini rivojlantirish» loyihasi doirasida viloyatdagi 20 ta ko`prik qatorida ta`mirlanishi belgilangan. Qurilish ishlarini amalga oshirish tender natijalariga ko`ra «Karvon yo`li» MChJga topshirilgan.
Loyihaning nazorat bo`limi mahalliy konsultanti Muhammadjon Azizovning aytishicha, ushbu ob`ekt 2015 yilda loyihalashtirilgan. Belgilangan rejaga asosan, 2020 yilning noyabr oyida qurilish ishlari boshlanib, ko`prikka asfalt yotqizilgan. Biroq havo haroratining keskin tushib ketishi natijasida qurilish ishlari yakuniga etkazilmagan.

«O`sha paytdagi loyihada arzimagan ishlarni bajarish belgilangan. Kelib ko`prikni ko`rganimizda esa ko`prik titilib ketayotganini aniqlaganmiz. Shundan keyin topshirilgan vazifani sifatli qilib yakunlash maqsadida qayta loyiha qilib, qo`shimcha mablag` so`radik. To`g`risi, Jahon bankining mablag`laridan qo`shimcha foydalanish masalasi juda qiyin ekan. Bu erga 2020 yilning noyabr oyida asfalt bosilgan. O`sha paytda ish bilan birga qo`shimchalarni qo`shdirib, yakuniy loyiha tayyorlagandik. Loyiha tayyor bo`lganda havo harorati keskin pasayishi oqibatida sovuq tushib qoldi. Natijada boshlagan ishimizni tugatishning iloji bo`lmadi. O`zingizga ma`lum, mana endi kunlar isishni boshladi. Va bugundan ish boshlandi. Uzog`i bir hafta ichida qurilishni yakuniga etkazamiz», — deydi Muhammadjon Azizov.

Loyihaning ko`priklar bo`yicha mahalliy konsultanti Bahrom Alimovning ma`lum qilishicha, loyiha 2015 yilda qilingani sababli ko`prik hozirda o`sha paytda aytilgan darajada emas.
«Shu bois, qo`shimcha kelishuv qilyapmiz. Loyihada yo`lni tepaga o`stirish, ikkala tomondagi ‘trotuar’ni asfaltlash ham bor. Lekin shu besh yil ichida ‘trotuar’ning plitasi to`kilib ketgan, tuz ‘evorgan’. G`ildirak to`xtatuvchini suvash berilgan, lekin bu to`kilib bo`lingani uchun vazifasini bajarmaydi. Mana shular natijasida biz uchun qo`shimcha ish paydo bo`lgan. Loyihada bunaqa holatlar juda ko`p. Pudratchiga loyihada yo`q ishlarni qildiryapmiz», — deydi Bahrom Alimov.

Alimovning ma`lumot berishicha, loyihaga 7 ming dollar ajratilgan. Qo`shimcha ishlar uchun esa yana 5 ming dollarga yaqin mablag` talab qilinmoqda.
«Loyihaga ta`mir uchun 7 ming dollar ajratilgan. Hozir yana 4600 dollarlik qo`shimcha ish talab qilinmoqda. Ajratilgan mablag`larning yarmi sarflangan. Sababi ‘trotuar’ asfalt qilinmagan, qilib ham bo`lmaydi. Bundan tashqari u tomonida ham ish bor. Tutqichlarni bo`yash ishlari ham qolgan. Ko`prik o`zi to`kilib ketgan. Ochib ko`rganimizda, qaytadan qilishga majburligimizni bildik. Asosiy asfaltlash ishlari tugagan. Faqat mayda-chuyda ishlari qolgan. Yana qaytaraman, aslida qilayotgan ishlarimizning aksariyati loyihaga kiritilmagan. Shu tufayli ishlarimiz yakuniga etmadi. Ayni paytda Jahon bankidan bu ko`prikka 5 ming, Ulug`nordagi nurab ketgan ko`prikka 80 ming dollar qo`shimcha mablag` so`ralmoqda. Shu ikkala ko`prik muammo bo`lib turibdi», — deydi Bahrom Alimov.

Asaka tumani hokimining birinchi o`rinbosari, shahar hokimi Xursand Yo`ldoshev ko`prikning piyodalar uchun ochilgan joyi shu holatga kelganiga bir oy muddat bo`lganini, ungacha aholi tomonidan doimiy foydalanib kelinganini bildirdi.

«Ko`prikda o`tgan yilning noyabr oyida asfaltlash ishlari amalga oshirilgan. Qilinayotgan ishlarning barchasi Jahon banki mablag`lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Quruvchilar ham bu erlik emas. ‘Trotuar’dagi holat bo`yicha gapiradigan bo`lsam, ochilgan joyi turganiga bir oy bo`lyapti. Sababi ungacha doimiy foydalanib kelingan. Noyabr oyida ishlar boshlangan bo`lsa, o`sha vaqtda havo sovib ketganligi sababli quruvchilar ishni to`xtatgan. Ko`prikda ta`mirlash ishlarini davom ettirish imkoniyati yo`qligi sababli piyodalarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida bu tomondagi piyodalar yo`lakchasidagi harakatni cheklab qo`yishga majbur bo`lganmiz. Bundan tashqari tuman hokimi tashabbusi bilan yo`lning ikkala tomoniga ham bolalar yurishi uchun qo`shimcha piyodalar yo`lakchasi qilganmiz. Uni ishlab turgan ‘trotuar’ga yo`naltirganmiz. Nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalar ham biz yo`naltirgan yo`ldan yurmaganligini hisobga olib, qurilish tugagunga qadar profilaktika qilish uchun xodimlarni qo`yishni rejalashtiryapmiz. Ular piyodalarni ishlayotgan ‘trotuar’ga yo`naltirib turadi. Natijada qurilish ishlari ham to`xtamaydi, aholi ham qiyinchilikka uchramaydi. Yaqin atrofda maktab bor, yo`l ochiq. Qatnov katta. Bu erda ish ham ketaveradi, shunga qarab ‘trotuar’ ham bu yoqqa qarab siljiyveradi», — dedi Xursand Yo`ldoshev.

Shahar hokimi qurilishni bir-ikki kunda ham tugatish mumkinligini, ammo sifat darajasi aytilganidek bo`lmasligini, bir oz ko`proq muddat ketsa-da, ish davlat standartlari darajasida bo`lishi lozimligini bildirdi.
«Ko`prikning tagidan ‘opalubka’ o`rnatib, beton quyib, bir-ikki kunda qilinadigan ishni qilib qo`yaylik dedik. Lekin mutaxassislar tekshirib ko`rishganda ko`prikning tagida yoriq va teshiklar borligi aniqlangan. Hozir ‘trotuar’ning ustiga ko`prikni bog`lash uchun beton quyiladigan bo`lyapti. Bunga sabab nima? Mutaxassislarning aytishicha, ‘trotuar’ ko`prikdan keyin qurilgan. Shu tufayli bog`lama ham talab darajasida emas. Pudratchilar ishni davlat standarti darajasida to`liq va sifatli qilib, havo harorati qanday bo`lishidan qat`i nazar bir haftada yakunlab berishadigan bo`ldi. Buni tugatib, ikkinchi ‘trotuar’ni ham remont qilishadi. Shaxsan o`zim shu erda turib nazorat qilaman», — dedi shahar hokimi.

Murojaati yuzasidan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan ham munosabat olish maqsadida hokimlik axborot xizmati rahbari Elyor Matisoqov bilan bog`landi. Biroq Matisoqov viloyat hokimi yig`ilishda ekanligini aytib, viloyat rahbari «ko`prik yuzasidan munosabatni tuman hokimidan olsin» degan fikrni bildirganini ma`lum qildi.






