Ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumanida ayolni uch nafar shaxs zo`rlik ishlatib olib ketib, bir oy davomida ushlab turganligi va nomusiga tekkanligi haqida xabarlar tarqalgan. Mazkur holat yuzasidan Farg`ona viloyati prokuraturasi o`rganish natijalarini ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, fuqaro S.R. (2001 y.t.) 22.09.2020 yilda Quva tumani IIBga murojaat qilib, uni 25.03.2020 yilda fuqaro T.S. Quva tumanidagi ko`p qavatli uylarga olib borib, voyaga etmagan D.J. va S.K. lar bilan birga uni va V.M. ismli ayolni bir oy davomida asossiz ushlab turganligi, zo`rlik ishlatib nomusiga tekkanligini bildirgan.
Murojaat yuzasidan Quva tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilib, S.R.ni zo`rlik ishlatib nomusiga tegilganligi, olib ketilganligi va asossiz ushlab turilganligi haqidagi vajlari ekspertiza xulosasi, tushuntirish xatlari va ish yuzasidan to`plangan boshqa hujjatlar bilan o`z tasdig`ini topmagan.
Murojaat yuzasidan Quva tumani IIB tomonidan oxirgi marotaba 12.12.2020 yilda jinoyat ishi qo`zg`atish rad qilingan.
O`rganish davomida tekshiruv jarayonini bevosita nazorat qilgan Quva tumani prokuraturasi xodimlari xatti-harakatlarida qonun buzilishi holati aniqlanmadi, deyiladi rasmiy xabarda.