AOKAda o`tkazilgan brifingdan ishtirok etgan Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov muhim ma`lumotlarni taqdim etdi.
«Jinoyat ishlari bo`yicha Pop tuman sudida Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo`yicha jinoyatlarini sodir etishda ayblanayotgan etti nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Ayblovlar og`ir jinoyatlar turkumiga kiradi, bu esa ishni xolis va qonuniy ko`rib chiqishda sudyaga ikki karra mas`uliyat yuklaydi.
Sud majlisi jarayonini suratga, videotasvirga olish yoki audio shaklida yozish sud majlisiga raislik etuvchi tomonidan (taraflarning fikrini inobatga olgan holda) mustaqil hal qilinadi. Bu qonun talabi.
Sudlanuvchilarning yaqinlari tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi «Namanganliklar uz» kanali xodimlari mazkur sud majlisida ishtirok etish va jarayonni videotasvirga olish bo`yicha kiritilgan iltimosnoma jabrlanuvchilar va sudlanuvchilarning shaxsi, ish holati va mavjud vaziyatdan kelib chiqib rad etilgan.
Iltimosnoma rad etilgani — jurnalistlar sud majlisidan chiqarib yuborildi yoki ularga qarshilik qilindi, degani emas. Ular jarayonda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari mumkin. «Namanganliklar uz» kanali xodimlari o`sha kuni sud majlisi oxirigacha ishtirok etgan.
O`zlarini Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot vakillari deb tanishtirgan shaxslar ham hech qanday moneliksiz ishtirok etishdi va intervyularda sudlanuvchilar tadbirkor ekani va ish o`rinlari yaratganini bayon qilishib, vaziyatga siyosiy tus berishga harakat qilishgan.
Hali hukm chiqmagan ish bo`yicha paydar-pay uyushtirilayotgan axborotlar jamoatchilikni chalg`itish, sudga ochiqdan-ochiq bosim o`tkazish ekani ma`lum bo`lmoqda.
Tadbirkorlik qilib, ish o`rni yaratgan shaxs shunga yarasha imtiyoz yoki rag`batga loyiq, albatta. Biroq bu odam o`g`rilash, bosqinchilik va bezorilik kabi ayblovlar bo`yicha qonun oldida javob bermaslik imtiyozni bermaydi».






