AsosiyJamiyat

Deputatlar taksi haydovchilaridan lisenziya talab qilmaslik taklifini ilgari surdi

'Deputatlar taksi haydovchilaridan lisenziya talab qilmaslik taklifini ilgari surdi'ning rasmi

2021 yil 19 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo`mitasi tomonidan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlashga bag`ishlangan fraksiyalararo munozara o`tkazildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi sayti yozmoqda. 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasining mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.

Ta`kidlash joiz, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021 yil 13 yanvar kuni bo`lib o`tgan majlisida birinchi o`qishda qabul qilingan edi.

Qonun loyihasida lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga oid huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslarlarga nibatan jarima qo`llash institutini joriy etish nazarda tutilayotgani qizg`in muhokamalarga sabab bo`ldi. Bunda yuridik shaxs jarimani bir oy davomida ixtiyoriy to`lagan, shuningdek, amalga oshirish uchun talab etiladigan lisenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to`g`risida murojaat qilgan hamda xabarnoma yuborganda, tayinlangan jarima miqdorining etmish foizi undirilishiga oid rag`batlantiruvchi norma belgilanmoqda.

Bahs-munozara hamda tortishuvlarga boy o`tgan tadbirda har bir fraksiya a`zolari loyiha yuzasidan o`z qarashlarini bildirdi.

Xususan, O`zLiDeP fraksiyasi a`zosi Shuhrat Sharafutdinov ta`kidlaganidek, qonun loyihasining muhimligini, joriy etilishi nazarda tutilayotgan yuridik shaxslarga javobgarlikni belgilash institutini har tomonlama jiddiy muhokama qilish zarur. Shu bilan birga, loyihadagi yana bir masalaga qonun tashabbuskorlarining e`tiborini qaratdi. Yurtdoshlarimiz orasida o`zining shaxsiy avtotransportidan foydalangan holda yo`lovchi tashish xizmatini ko`rsatish orqali faoliyat yuritayotganlar ko`pchilikni tashkil etadi. Mazkur turdagi faoliyatni loyihada belgilangan “Amalga oshirilishi uchun lisenziya talab qilinadigan” faoliyat turidan chiqarib, “Vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan” faoliyat turlari ro`yxatiga kiritishni, ya`ni taksi xizmatini ko`rsatayotgan tadbirkorlarimizga o`z faoliyatlarini qonuniy amalga oshirishlarida engillik yaratishni ilgari surdi. Ushbu faoliyat turini bir ro`yxatdan ikkinchi ro`yxatga olinishi haydovchilarga yo`lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo engil avtomobillarda tashish uchun ruxsatnoma olish jarayonini engillashtiradi va to`lov summasini adolatli belgilanishiga olib keladi.


 

O`z navbatida, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a`zosi O`ktam Islomov qonun loyihasini qabul qilish orqali barcha turdagi lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillarining elektronga o`tishi yangilik ekanligini aytib, qonun qabul qilinganidan keyin bu turdagi xizmatlarning to`la elektron shaklga o`tishi uchun ko`p vaqt ketishi sababli ushbu jarayonning muddatlarini nazorat ostiga olish taklifini bildirdi.

“Adolat” SDP fraksiyasi a`zosi Dilmurod Ismoilov qonun loyihasini ishlab chiqishda bir tomonlama yondoshuvdan qochishga va jismoniy va yuridik shaxslarga qo`llaniladigan jarimalar miqdorini asosli belgilash lozimligini aytib o`tdi. Bundan tashqari, deputat bunday jarimalar qo`llash vakolatli davlat idoralari uchun korrupiyaga yo`l ochishi mumkinligini ta`kidladi.


 

O`zXDP fraksiyasi a`zosi Shohista Turg`unova esa, qonun loyihasini fraksiya to`liq qo`llab-quvvatlashini, biroq ayrim masalalarni qayta ko`rib chiqish maqsadga muvofiqligini ta`kidladi. Xususan, lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari ro`yxatiga notarial idoralar va uy bog`chalari kiritilmagan. Uy bog`chalari bilan shug`ullanish qaysidir ma`noda yosh bolalar uchun javobgarlik mas`uliyatini olishi lozim. Shunday takliflardan yana biri bu lisenziyani alohida filiallarga qo`llanmasligidir. Bu turdagi engillik ayrim “ishbilarmonlar” uchun qonunni aylanib o`tishlariga imkon berishi mumkin. Ya`ni, lisenziya olmay turib biror bir katta yuridik shaxs bilan o`zaro til biriktirib, o`zini katta yuridik shaxsning bir filiali sifatida ko`rsatishi mumkin.

O`zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi vakili Mohira Xodjaeva ayrim shaxslar tegishli lisenziyaga ega bo`lmay turib atrof-muhitga zarar etkazayotgani, qolaversa ekologiya inspeksiyalari xodimlari ushbu tadbirkorlar bilan til biriktirish holatlari uchrab turayotganini ta`kidlab, mazkur qonun loyihasini ikkinchi o`qish uchun ishlab chiqish jarayonida ekologiya yo`nalishida tadbirkorlarga lisenziya berish masalasini ham ko`rib chiqishni ta`kidlab o`tdi.

Qizg`in bahs-munozaralarga boy bo`lgan ushbu tadbirda bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida ko`rib chiqiladigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar