2022 yildan barcha turli xizmat ko`rsatuvchi yoki pulli savdo qiluvchi tashkilotlari onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanish tartibiga o`tishadi.Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari departamenti direktori Hayotjon Nasrulloev AOKAda bo`lib o`tgan brifingda ma`lum qildi.
Onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etish 4 ta bosqichdan iborat bo`lib, hozir biz 3-bosqichdamiz. Ya`ni, 2021 yil 1 yanvardan e`tiboran savdo aylanmasi 100 milliondan yuqori bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlari o`tishi belgilangan.
2022 yildan butun Respublika barcha turli xizmat ko`rsatuvchi yoki pulli savdo qiluvchi tashkilotlari onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanish tartibiga o`tishadi.
Agar hududlarda internet aloqasi yo`q bo`ladigan bo`lsa, bu hududlarning ro`yxati Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan taqdim etiladi. Ushbu ro`yxatga kiritilgan hududlarda onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.
Boshqa hududlarda internet aloqasi ma`lum muddat to`xtab qolsa yoki elektr tarmog`ida uzilishlar bo`ladigan bo`lsa, onlayn nazorat kassa mashinalarida akkumulyator bor, Internet mavjud bo`lmaganda ham offlayn rejimda ishlash imkoniyati bor, ya`ni chek chiqarishi mumkin.Demak, internet tarmog`i qayta ulanganda ushbu ma`lumotlar avtomatik ravishda Davlat soliq qo`mitasining serverlari tomonidan sinxronlashtiriladi.






