AsosiyJamiyat

1 martdan boshlab transport vositalarini majburiy sug`urtalash «E-polis» orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu nima degani?

'1 martdan boshlab transport vositalarini majburiy sug`urtalash «E-polis» orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu nima degani?'ning rasmi

2021 yil 1 martdan boshlab transport vositalarini majburiy sug`urtalash «E-polis» orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu tizimda nimani o`zgartirishi haqida "kun.uz" yozdi.

2020 yil 14 dekabrda Vazirlar Mahkamasining «Elektron turdagi sug`urta xizmatlari ko`rsatish tartibini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori qabul qilingan.

Hujjatga muvofiq, «E-polis» (elektron sug`urta xizmati) – bu sug`urta polisining internetdan sotib olingan va elektron shaklda muomalaga chiqarilgan ko`rinishi. «E-polis»ni sotib olish uchun internetga ulangan kompyuter, noutbuk, smartfon yoki boshqa qurilmaga ega bo`lishning o`zi kifoya hisoblanadi. Yuridik jihatdan elektron va qog`oz shaklidagi polis bir xil kuchga ega.

«E-polis»ning afzalliklari haqida

1. Vaqt va mablag` iqtisod qilinadi. Mazkur sug`urta polisini sotib olish uchun faqatgina internetga ulanishning o`zi kifoya, sug`urta kompaniyasiga borish talab etilmaydi, shuningdek, onlayn to`lov qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, polisning xarajatlari amaldagi sug`urta turlariga nisbatan birmuncha arzon bo`lishi kutilmoqda.

2. Elektron hujjatni, ya`ni polisni yo`qotib qo`yish xavotirli emas. Polis rasmiylashtirilgandan so`ng, «E-polis»ni sug`urta qildiruvchi istagan paytda o`zining mobil qurilmasiga qaytadan yuklab olishi yoki tekshirishi mumkin. Buning uchun SMS-xabarnoma yuborilgan raqam yoki elektron pochta manzilini ko`rsatishning o`zi etarli.

Ma`lumot uchun: Qog`oz shaklidagi polis yo`qotib qo`yilsa, sug`urta kompaniyasi ofisiga borish va belgilangan 10 foiz jarima to`lash so`raladi. Yangi turdagi polisda bu shart mavjud emas.

3. «E-polis»ni rasmiylashtirishda firibgarlik qurboni bo`lish ehtimoli minimal darajada bo`ladi (qog`oz shaklidagi polis sotib olishda sug`urta agenti tomonidan aldanish ehtimoli mavjud).

4. Faqatgina bir nechta yoki deyarli bitta sug`urta kompaniyasining ofisi mavjud bo`lgan olis hududlardagi fuqarolar uchun eng afzal sug`urta kompaniyasini tanlash va aynan o`zi xohlagan kompaniya bilan sug`urta agentlari ishtirokisiz to`g`ridan to`g`ri shartnoma tuzish imkoniyati yaratiladi.

5. Sug`urta mukofoti tizimdagi sug`urta hisoblagichi yordamida taqdim etilgan ma`lumotnoma asosida avtomatik hisoblanadi.

O`z navbatida Sug`urta kompaniyalari ham xodimlarning ish haqi hamda agentlarning xizmat haqlari bo`yicha xarajatlarini sezilarli darajada pasaytiradi.

«E-polis»  qanday rasmiylashtiriladi?

Jarayon juda sodda. Sug`urtalovchining veb-saytiga o`tiladi va arizadagi ma`lumotlar (PINFL, pasport ma`lumotlari), transport vositalarining ma`lumotlari (davlat raqami, seriyasi va ro`yxatdan o`tish raqami), boshqaruvga ruxsat berilgan haydovchilar to`g`risidagi ma`lumotlar (PINFL, pasport ma`lumotlari) to`ldiriladi.

Agar fuqaro chegirmaga va buni tasdiqlovchi ma`lumotlarga ega bo`lsa, tegishli belgi qo`yiladi va qolgan ma`lumotlar integrasiyalashgan ma`lumotlar bazalaridan avtomatik ravishda olinadi. Sug`urtalovchi arizada ko`rsatilgan ma`lumotlarni tekshiradi. Barcha ma`lumotlar tasdiqlangan va «E-polis» uchun to`lov amalga oshirilgan taqdirda, ma`lumotlar yagona axborot tizimiga yuboriladi, u erda polisning noyob raqami yaratiladi va ro`yxatdan o`tkaziladi.

Ushbu jarayon tugagandan so`ng, sug`urta qildiruvchiga polis muvaffaqiyatli rasmiylashtirilganligi to`g`risidagi va uning elektron nusxasiga havola ko`rsatilgan SMS-xabar keladi.

Qaysi sug`urta kompaniyalari «E-polis» sotishga haqli?

«E-polis»ni Sug`urta to`lovlarini kafolatlash jamg`armasiga a`zo bo`lgan sug`urta kompaniyalari sotish huquqiga ega. Sug`urta kompaniyalar ro`yxati bilan Jamg`armaning rasmiy veb-saytida (tkj.uz) yoki insuranceportal.uz manzilida ro`yxatdan o`tkazilgan «O`zbekiston yagona sug`urta portali»da tanishish mumkin.

Davlat yo`l harakati xavfsizligi xodimi transport vositalari majburiy sug`urta polisini qanday tekshiradi?

«E-polis»ni Davlat yo`l harakati xavfsizligi xodimlariga taqdim etish uchun sug`urta qildiruvchi uni qog`ozga chiqarib olishi yoki elektron qurilmada (mobil telefon, planshet va boshqalar) taqdim etishi shartligi  belgilangan. O`z navbatida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ixtiyorida sug`urta polisining haqiqiyligini tekshirish uchun elektron moslamalar mavjud bo`lishi ko`zda tutilgan.

«E-polis»ni qanday sug`urta turlari bo`yicha sotib olish mumkin bo`ladi?

Qabul qilingan qarorga asosan, transport vositalarini majburiy sug`urtalash bo`yicha «E-polis»ni 2021 yil 1 martdan sotib olish mumkin.

Ma`lumot uchun, 2019 yil 2 avgustda «O`zbekiston Respublikasining sug`urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi prezident qarori imzolangandi.

Qarorda sug`urtaning ayrim turlari bo`yicha elektron polislarni («E-polis»), shu jumladan, internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qog`oz shaklidagi sug`urta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish to`g`risidagi takliflariga rozilik berilgandi.

    Boshqa yangiliklar