“O`zbekneftgaz” AJ Xaridlar departamenti tomonidan tizimda xaridlarning shaffofligini ta`minlash va sog`lom raqobat muhitini yaratish maqsadida, amalga oshirilayotgan xaridlar bo`yicha e`lonlar, barcha kerakli ma`lumotlar va natijalar bir vaqtning o`zida bir nechta maxsus axborot portallarida, ya`ni exarid.uz, tenderweek.com hamda “O`zbekneftgaz” AJning rasmiy sayti ung.uz da muntazam ravishda joylashtirilib borilmoqda. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash va valyuta mablag`larini tejash maqsadida, xaridlar jarayonida milliy ishlab chiqaruvchilarga alohida e`tibor qaratilib, 2020 yil davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan jami 1800 ga yaqin, umumiy qiymati taxminan 450,0 mlrd so`mlik shartnomalar rasmiylashtirildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 maydagi 27-sonli Bayonotiga asosan, “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi topshirig`iga ko`ra, tizimni tovar-moddiy resurslar (keyingi o`rinlarda – TMR) bilan o`z vaqtida ta`minlash maqsadida, Xarid komissiyasi yig`ilishlari videokonferensaloqa orqali o`tkazilishi yo`lga qo`yildi.
Tanlov natijalariga ko`ra, ishlab chiqaruvchilar (rasmiy dilerlar, distribyutorlar) bilan umumiy qiymati qariyb 107,0 mln dollarga teng bo`lgan jami 90 ga yaqin tanlov g`oliblari aniqlandi. Ushbu tanlovlar doirasida olib borilgan muzokaralar natijasida jami 23,0 mln dollarga yaqin (umumiy xaridlarning 21%) miqdorda korxona mablag`lari iqtisod qilinishiga erishildi.
Butun dunyoda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramay, investisiya loyihalari doirasida “Muborak” gazni qayta ishlash zavodi, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida “propan-butan aralashmasini olish qurilmasi”ni qurish ishlari yakunlandi.
Ushbu loyihalarni o`z vaqtida amalga oshirish maqsadida barcha kuchlar safarbar qilindi. Jumladan, dunyoda netf va gaz sohasida o`z o`rniga ega bo`lgan Ukrainaning “Sumskoe NPO”, “Turbogaz”, Rossiyaning “KMPO”, “NIPI NG PETON”, “TMK”, “ChTPZ” “Gidromashservis”, Shveysariyaning “Endress+Hauser”, Germaniyaning “Linde”, “Grosman” kabi korxonalarida ishlab chiqarilgan siquv kompressorlari, boshqaruv klapanlari (ZRA), o`lchov va avtomatika moslamalari (KIPIA), po`lat quvurlar, NK-16 ST turidagi gaz turbina dvigatellari hamda boshqa turdagi uskunalar etkazib keltirilishi ta`minlandi.
Bundan tashqari, Xaridlar departamenti tomonidan Tovar-moddiy resurslar (TMR) aylanmasini nazorat qilish, tovarlarni takroriy sotib olinishining oldini olish hamda omborlarda mavjud bo`lgan TMRlardan unumli foydalanish maqsadida, “Tovar-moddiy resurslar zaxiralarini boshqarish” bo`yicha avtomatlashtirilgan 1S ombor tizimi joriy qilindi.
Natijada, “O`zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxona, tashkilot va boshqarmalar omborxonalarida mavjud bo`lgan tovar-moddiy resurslar hisobini yuritishning markazlashgan tizimi ishga tushdi.






