AsosiyJamiyat

Bosh vazir o`rinbosari Ispaniya qiroli qabulida bo`ldi

'Bosh vazir o`rinbosari Ispaniya qiroli qabulida bo`ldi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida qirol Filipp VI qabulida bo`ldi. Ispaniya qiroli Filipp VI tomonidan “Palacio Real de Madrid” saroyida xorijiy delegasiyalar rahbarlari sharafiga rasmiy qabul tashkil etildi. Ushbu tadbirning ochilish qismida turizm sohasining Ispaniya iqtisodiyotidagi o`rni, aholi bandligidagi hissasi haqida qayd etilib, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni rivojlantirishda turizm va mamlakatlararo hamdo`stlikning ahamiyati haqida so`z yuritildi. Rasmiy tadbirlardan so`ng Ispaniya qiroli bilan O`zbekiston delegasiyasi rahbari o`rtasida yuzma-yuz muloqot bo`lib o`tdi. Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev hamda o`zbek xalqi nomidan Ispaniya qiroli va uning oila a`zolari, shuningdek  ispan xalqiga salomini yo`llab, samimiy tilaklarini etkazdi. Qirol Filipp VI, o`z navbatida, 2017 yilning iyun oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti doirasida Ostona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuvini iliq xotiraladi.

Ispaniya qiroli bugungi kunda Ispaniya va O`zbekiston o`rtasidagi do`stona munosabatlar uzoq tarixga ega ekani, olti asr ilgari Ispaniya qiroli elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga amalga oshirgan tashrifi va Amir Temur bilan uchrashuviga borib taqalishini aytdi.

"Ikki mamlakat o`rtasidagi do`stlik munosabatlarining davomi sifatida O`zbekiston tomonidan Ispaniya kompaniyasining “Talgo” rusumli poezdlari sotib olingani, ular asosiy turizm shaharlarini bog`layotgani hamda yana yangi ikki poezd olib kelish kabi rejalar qirolda katta qiziqish uyg`otdi”, - deydi Aziz Abduhakimov. Shuningdek, Ispaniya qiroli pandemiya bilan bog`liq vaziyat yumshaganidan so`ng O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan borish istagi borligini bildirdi.

Boshqa yangiliklar