Uncha katta bo`lmagan uchuvchisiz uchadigan samolyot-avtomat Nyu-Yorkdagi mashhur Empire State Building nomli osmono`par binosiga kelib urildi. Bu haqda “Vesti” nashri xabar bermoqda.
Polisiyadan olingan ma`lumotlarga qaraganda, samolyot egasi Nyu-Jersilik fuqaro qamoqqa olingan. Uning guvohlik berishicha, samolyotni rasmga tushirmoqchi bo`lib, nazoratni qo`ldan boy bergan, natijada samolyot binoga kelib urilgan va atrofdagilarning xavfsizligiga tahdid solgan. TASS ning xabariga ko`ra, samolyot binoning qirqinchi qavatiga kelib urilgan va o`ttiz beshinchi qavatdagi maydonchaga qulagan. Samolyot egasi bino qo`riqchilaridan samolyotni olib chiqishda yordam berishlarini iltimos qilgan. Ammo bino qo`riqchilari polisiyaga qo`ng`iroq qilishni ma`qul ko`rishgan.
2015 yilning dekabr oyida AQSh Federal fuqaro aviasiyasi agentligi uchuvchisiz uchadigan samolyotlarning omma orasida keng tarqalashining oldini olish maqsadida uning egalarini ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha Qonun qabul qilgan. Bu qonun 13 yoshdan yuqori bo`lgan barcha AQSh fuqarolariga tegishli. Qonunda bunday samolyotga ega fuqarolar 2016 yilning 19 fevraligacha bo`lgan muddatda rasman ro`yxatdan o`tishlari lozim. 21 dekabrdan keyin uchuvchisiz uchadigan samolyot sotib olgan fuqarolar parvozni ochiq maydonda, aholi yashaydigan joydan uzoqda o`tkazishi lozimligi ko`rsatib o`tilgan.