Samarqand davlat universitetida O`zbekiston talabalari assosiasiyasi tashkil etildi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ma`lum qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 25 dekabrda Toshkentda bo`lib o`tgan Yoshlar forumida samarqandlik talabalarning O`zbekiston talabalari assosiasiyasini tashkil etish va shu orqali “Samarqand tajribasi”ni yaratish tashabbusini qo`llab-quvvatlagan edilar.
Ana shu ezgu ishni amalga oshirish maqsadida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Adliya vazirligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Samarqandda O`zbekiston talabalari assosiasiyasi tashkil etildi.
SamDUda assosiasiyaning birinchi ta`sis forumi bo`lib o`tdi. Onlayn-muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda mahalliy OTMlardan tashqari Osiyo universitetlari assosiasiyasi, Xalqaro ipak yo`lida joylashgan universitetlar assosiasiyasi, Evroosiyo universitetlari assosiasiyasi vakillari, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Niderlandiya, Rossiya, Hindiston, Afg`oniston, Isroil, Turkiya, Belarus, Vengriya kabi davlatlarning talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida so`zga chiqqan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari Yu. Absoatov, SamDU rektori Rustam Xalmurodov va boshqalar Talabalar Assosiasiyasi tashkil etilganligi bilan O`zbekiston yoshlarini qutlab, uning faoliyatiga omad tiladilar.
Assosiasiyani tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimiz OTMlari talabalarini qiziqish va ehtiyojlariga qarab, jamoatchilik boshqaruvi asosida birlashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yuksak ma`rifatli, bilimdon mutaxassislar bo`lib etishishlari yo`lida qo`llab-quvvatlashdan iboratligi ta`kidlandi.
Forumda O`zbekiston talabalar Assosiasiyasini tashkil etish masalasi onlayn so`rovnoma orqali ovozga qo`yildi. Unda ishtirok etganlarning deyarli barchasi Samarqand davlat universiteti huzurida O`zbekiston Talabalar Assosiasiyasini tashkil etishni yoqlab ovoz berdi.