Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan, desak mubolag`a bo`lmaydi. Ammo, aktrisa Dilnoza Kubaevani ijtimoiy tarmoqlardan birortasida ham uchratmaymiz. Buning sababini u “Darakchi” muxbiri bilan suhbatda aytib o`tdi.
“Menda fobiya bo`lib qolgan. Ijodga ilk kirib kelgan kezlarim menga nisbatan juda yomon va bo`lmag`ur yozishmalar yozishgan. Buni oddiy tomoshabin yoki internetdan foydalanuvchi oddiy odam emas, professional, shu bilan birga kasbimizga yaqin odam yozganligi sezilib turardi. Ko`nglim sezgan, ko`ngil aldamaydi! Balki san`atni ichidagi odamdir... Shundan keyin ko`nglim qolgan internetdan. Bundan tashqari internetda gramatik xatolar, bachkana gap-so`zlar va bo`lmag`ur rasmlar ko`pligi uchun ham yaxshisi foydalanmaslikka qaror qildim”, —dedi Kubaeva.
Muxbirning “Internetni kuzatmaysizmi?” degan savoliga aktrisa quyidagicha javob berdi:
“Yo`q, avvaliga kuzatib borardim. Endi qo`l siltashimga to`g`ri kelgani uchun kirmayman. Nafrat uyg`otgan boyagi voqea. Lekin internet orqali halol va vijdonli jurnalistlarimizning aksariyati bizning ijodimizni targ`ib etishayotganini bilaman. Ularni mehnatini qadrlayman! Hurmatim ham yuqori. Meni yuqoridagi internetga nisbatan aytgan gapim ularga aloqador emas!”





