AsosiyJamiyat

20 yanvar kuni Yangi-Angren IESda sodir bo`lgan portlashga nima sabab bo`ldi? Stansiya boshqaruv kompaniyasi ma`lumotlarni ochiqladi

'20 yanvar kuni Yangi-Angren IESda sodir bo`lgan portlashga nima sabab bo`ldi? Stansiya boshqaruv kompaniyasi ma`lumotlarni ochiqladi'ning rasmi

2021 yil 20 yanvar kuni Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasida sodir bo`lgan portlash to`g`risida stansiya boshqaruv kompaniyasi ma`lumot berdi. Bu haqda Kun.uz xabar qilmoqda.

“2021 yil 20 yanvar kuni soat 11:30 da «Energoqozontozalash» mas`uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi 5-qozon agregatining 12,0 metrlik belgisida kulni kimyoviy tozalash paytida, ko`mir-kukun aralashmasining chaqnashi yuzaga keldi, natijada uch kishi halok bo`ldi, yana uch kishi turli darajada kuyish jarohati olgan. Ushbu 5-qozon agregati vaqtincha to`xtatilgan va u kimyoviy tozalanayotgan paytda qozon tozalovchilarning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmaganligi ana shunday ayanchli oqibatlarga olib keldi.  

Ushbu turdagi profilaktika ishlari ko`mir yoqiladigan barcha elektr stansiyalari va qattiq yoqilg`i pechlari o`rnatilgan og`ir sanoat korxonalarining to`xtatilgan uskunalarida yong`inlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi va bu vazifani korxonaning o`zi yoki shartnoma asosida ixtisoslashgan pudrat tashkilotlari bajaradi. 

Chaqnash oqibatida vafot etganlar «Vostokenergoteploizolyasiya» MChJning ishchilari bo`lib, ushbu korxona issiqlik izolyasiyasi va astar ishlarini bajarish bo`yicha pudratchi ixtisoslashgan kompaniya, xodimlari qozon qoplamasidagi nuqsonlarni bartaraf etish bo`yicha mutaxassislar hisoblanadi. Kuyish jarohati olganlar “Energoqozontozalash” MChJ qozon tozalovchilaridir. 

20 yanvar kuni ikki tomonlama shartnoma asosida ishlayotgan qozon tozalovchilarga qozon-turbina sexining 30-sonli farmoyishi bilan  xavfsizlik choralari ko`rilgan holda soat 9:30da to`xtatilgan qozon agregatining 12,0 metrlik belgisida profilaktika ishlari olib borishga ruxsat berilgan.

«Vostokenergoteploizolyasiya» MChJ ishchilari ham qozon-turbina sexining 31-sonli farmoyishi bilan soat 10:30da qozon agregatining 48,0 metrlik belgisida profilaktika ishlari olib borishga kirishgan. Taassufki, texnika xavfsizligi qoidalarining qo`pol ravishda buzilishi oqibatida «Vostokenergoteploizolyasiya» MChJning uch xodimi halok bo`ldi, “Energoqozontozalash” MChJning turli darajada  kuyish jarohati olgan uch nafar xodimiga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, ular eng yaqin bo`lgan shahar markaziy kasalxonasiga etkazildi. 

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib,  Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Uning natijalari haqida qo`shimcha ma`lumotlar taqdim etiladi. Shu munosabat bilan fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda yolg`on ma`lumotlar tarqatmasliklari so`raladi.

“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyati tomonidan vafot etganlarning oila a`zolariga qo`shimcha ravishda 105 million so`mdan moddiy yordam ko`rsatildi. Tashkilotning tegishli normativ-huquqiy hujjatlariga asosan, bunday moddiy yordam yana qo`shimcha (to`liq) ravishda amalga oshiriladi. Hozirda ularning oila a`zolari holidan xabar olib turilibdi. Tashkilot tomonidan moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatilishi, shuningdek, boquvchisiz qolgan oilalarning ishga yaroqli va ishsiz a`zolari ish bilan ta`minlanadi.

“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyati fidoiy energetiklarning vafoti munosabati bilan marhumlarning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etadi. Vafot etgan xodimlarning yorqin xotirasi energetiklar qalbida doimiy saqlanib qoladi” – deyiladi taqdim qilingan ma`lumotnomada.

Mavzuga doir:

Bir necha kun avval portlagan Yangi-Angren IESning rahbari o`zini osdi

    Boshqa yangiliklar