Vazirlar Mahkamasining «Tibbiyot tashkilotlarini akkreditasiyadan o`tkazish mexanizmlarini joriy etish to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan boshlab tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditasiyadan o`tkazish mexanizmi joriy etiladi.
Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarini akkreditasiyadan o`tkazish va sog`liqni saqlash sohasida ekspertlarni sertifikatlash bo`yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditasiyadan o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi:
• tibbiyot tashkilotlarini akkreditasiyadan o`tkazish tartibi;
• tibbiyot tashkilotlarining akkreditasiya sohasini kengaytirish va qisqartirish tartibi;
• akkreditasiyadan o`tkazilgan tibbiyot tashkilotlari faoliyati ustidan inspeksiya nazorati;
• akkreditasiya to`g`risidagi guvohnoma amal qilishini to`xtatib turish (tiklash), tugatish tartibi;
• akkreditasiya to`g`risidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish tartibi;
• akkreditasiyalovchi organning akkreditasiya sohasidagi xizmatlariga haq to`lash tartibi;
• akkreditasiya yoki inspeksiya nazorati bo`yicha qabul qilingan qaror yuzasidan apellyasiyalarni ko`rib chiqish tartibi.
Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot tashkilotini akkreditasiyadan o`tkazish bo`yicha komissiya tashkil etiladi, shuningdek akkreditasiyadan o`tgan sog`liqni saqlash tashkilotlari, ekspertlar va texnik ekspertlar reestri shakllantiriladi.
«Sog`liqni saqlashni raqamlashtirish» axborot kompleks tizimi 2022 yil 1 yanvarga qadar shakllantiriladi va u quyidagilarni o`z ichiga oladi:
• akkreditasiyadan o`tkazilgan tibbiyot tashkilotlarining elektron bazasini;
• Tibbiyot tashkilotlarini akkreditasiyadan o`tkazadigan mustaqil ekspertlar va texnik ekspertlar reestrini.
Akkreditasiyadan o`tkazish uchun murojaat qilishdan oldin tibbiyot muassasasi akkreditasiya standartlariga muvofiqlik yuzasidan o`zini o`zi baholaydi. Akkreditasiyadan o`tish uchun tibbiyot tashkilotlari DXM yoki YaIDXP orqali elektron shakldagi arizani taqdim etadi. Bunda 2 BHM miqdorida to`lov to`lanishi lozim. Bundan tashqari, o`zini o`zi baholash natijalarini ko`rib chiqish va hujjatlar ekspertizasi uchun tuzilgan shartnomada belgilangan narxning 15 foizidan kam bo`lmagan miqdorda bo`nak to`lovi to`lanadi.
Tibbiyot muassasasi hududida tashqi kompleks baholashni o`tkazish muddati 5 ish kunidan oshmasligi kerak. Shartnomada belgilangan to`lovning qolgan qismi to`langanidan keyin reglamentga muvofiq elektron shaklda akkreditasiya to`g`risidagi guvohnoma yuboriladi.






